Rasmiy munosabat
2026-10-09 18:50:00 / Rasmiy munosabat

RASMIY MUNOSABAT
Piskentdagi holat: Kartoshka ekilmasa, bozorda narx qimmatlashsa — jabrini chekuvchi yana o‘zimiz...
Kun.uz saytida Piskent tumani hokimi Muzaffar Aripovning fermerlar bilan o‘tkazgan yig‘ilishiga oid material e’lon qilindi. Unda yig‘ilishda aytilgan ayrim iboralarga urg‘u berilib, vaziyat fermerlarga bosim o‘tkazish sifatida talqin qilingan.
Mazkur holatga xolis baho berish uchun yig‘ilishdagi muloqot tafsilotlari bilan bir qatorda, muhokamaga sabab bo‘lgan masala, oldindan belgilangan vazifalar va ularning aholi manfaatlari bilan bog‘liq jihatlarini ham inobatga olish lozim.
Bugungi kunda kartoshka mahsuloti bilan ichki bozorni barqaror ta’minlash, narxlar muvozanatini saqlash va qish mavsumi uchun yetarli zaxira yaratish muhim vazifalardan hisoblanadi. Shu maqsadda Piskent tumanida g‘alladan bo‘shagan yer maydonlaridan samarali foydalanish va qariyb 1 000 gektar maydonda takroriy ekin sifatida kechki kartoshka yetishtirish rejalashtirilgan.
2026-yil 2-iyul kuni tuman hokimligida fermer xo‘jaliklari rahbarlari uchun amaliy seminar o‘tkazilib, kartoshka ekish, serhosil navlarni tanlash va belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilingan. Fermerlarga Gala, Red Scarlett, Colomba, Flamingo, Vega, Sadon va Primabelle kabi kartoshka navlari ham tanishtirilgan.
Biroq oradan ko‘p vaqt o‘tmay, 18-iyul kuni ayrim fermerlar belgilangan reja asosida kartoshka ekmagani, g‘alladan bo‘shagan yer maydonlarini boshqa shaxslarga sotib yuborgani va ushbu maydonlarda ham kartoshka ekilmagani bilan bog‘liq holatlar yuzasidan tanqidiy yig‘ilish o‘tkazishga to‘g‘ri kelgan.
Shuni unutmaslik kerakki, yer fermerning xususiy mulki emas. Yer — xalqning bebaho boyligi bo‘lib, undan foydalanish qonunchilikda belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi. Fermer yerdan o‘z bilganicha foydalanish emas, balki belgilangan maqsad va majburiyatlarga muvofiq ish yuritish mas’uliyatini ham zimmasiga oladi. Agar har kim o‘z manfaatini ko‘zlab, belgilangan vazifalarni chetlab o‘tib ish yuritsa, xalq manfaatlari qayerda qoladi? Bugun mamlakatimizda kartoshka importini kamaytirish, ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash va qish mavsumi uchun yetarli zaxira yaratish maqsadida ishlar olib borilayotgan bir paytda, kartoshka ekilishi lozim bo‘lgan maydonlarni boshqalarga sotib yuborish va natijada belgilangan rejani bajarmaslikka befarq qarab bo‘lmaydi. Chunki ekilmay qolgan har bir gektar yer — bu shunchaki bajarilmagan reja emas, balki mahalliy mahsulot yetishtirish imkoniyatining boy berilishi va aholi ta’minotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omildir. Piskentda kartoshka yetishtirish bo‘yicha amaliy ishlar ham olib borilmoqda. Birinchi mavsum uchun 650 gektar maydonda kartoshka yetishtirish, jumladan, fermer xo‘jaliklarida 520 gektar va dehqon xo‘jaliklarida 130 gektar yerdan foydalanish, jami 20 800 tonna hosil olish maqsad qilingan. Sifatli urug‘lik bilan ta’minlash va hosildorlikni oshirish maqsadida Rossiya mutaxassislari bilan muzokaralar o‘tkazilgan. Shuningdek, Ramazon hayiti va Navro‘z bayramlari arafasida aholiga kartoshkani 3 500 so‘mdan yetkazib berish ishlari tashkil etilgan.
Albatta, belgilangan vazifalarning dolzarbligi yig‘ilish davomidagi har qanday muomala shaklini o‘z-o‘zidan oqlamaydi. Fermerlarning huquqlari ham, aholi manfaatlari ham birdek hurmat qilinishi shart. Yig‘ilishdagi muomala va telefonlar olib qo‘yilgani haqidagi da’volar ham alohida dalillar asosida xolis o‘rganilishi lozim.
Zero, masala faqat bir yig‘ilishda aytilgan gaplarda emas. Masala — yerdan samarali foydalanish, belgilangan vazifalarni bajarish va aholini zarur oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda. Kartoshka yetishtirish imkoniyatidan foydalanilmasa, uning oqibatini faqat bir fermer emas, butun jamiyat his qilishi mumkin.
Piskent tumani hokimligi
