“SAXOVAT BROYLER”da yana 600 nafar ishchi ishga qabul qilinadi
2026-10-05 14:10:00 / Aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar

“SAXOVAT BROYLER”da yana 600 nafar ishchi ishga qabul qilinadi
Bugun tuman hokimining birinchi o‘rinbosari M.Miryunusov ishtirokida “SAXOVAT BROYLER” aksiyadorlik jamiyatida “Ishga marhamat” tadbiri o‘tkazildi.
Uchrashuvda korxonaning bugungi faoliyati, mavjud ish o‘rinlari hamda kelgusida ishchilar sonini yanada oshirish rejalari haqida ma’lumot berildi.
Ayni paytda korxonada 523 nafar ishchi mehnat qilmoqda. Bugungi “Ishga marhamat” tadbiri natijasida esa 45 nafar fuqaro bilan mehnat shartnomalari tuzildi.
Korxona 1-yanvardan to‘liq ish faoliyatini boshlaydi. Unga qadar xodimlar Toshkent shahrida joylashgan ikki filialda mehnat faoliyatini davom ettiradi.
Yangi yildan korxonada ish hajmini yanada kengaytirish maqsadida qo‘shimcha 600 nafar ishchi ishga qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Ishga qabul qilinadigan xodimlar uchun mehnat sharoitlari va ish haqi ham belgilab qo‘yilgan. Oylik ish haqi 4 million so‘mdan boshlanadi. Ish jarayoni esa ikki kun ish, ikki kun dam olish tartibida tashkil etiladi.
Bu esa korxonadagi bugungi 523 nafarlik jamoaga yana yuzlab yangi xodimlar qo‘shilishi, aholi uchun barqaror ish va daromad manbalari yanada kengayishini anglatadi.
“Ishga marhamat” tadbirida fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, korxonadagi bo‘sh ish o‘rinlari va mehnat shartlari bilan tanishdilar.


