Mo‘minobod mahallasida sog‘lom turmush tarzi
2026-07-16 11:00:00 / Sport

Mo‘minobod mahallasida sog‘lom turmush tarzi: Deputatlik nazorati va o‘rganish natijalari
Mahallalarda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sport inshootlari va maktablarning sport zallari holatini yaxshilash — deputatlik nazoratidagi muhim yo‘nalishlardan biridir.
Ushbu yo‘nalishdagi o‘rganishlar doirasida Kotibiyat bosh mutaxassisi L.Iskandarovga biriktirilgan 7-Birdamlik saylov okrugi deputati (Ekologiya partiyasi guruhi a’zosi) A.Mo‘minov Mo‘minobod MFYda bo‘ldi.
Deputat o‘rganish davomida mahallada xususiy tadbirkor tomonidan tashkil etilgan aholini sog‘lomlashtirish markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra:
Markazda aholining sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilganligi ma’lum bo‘ldi. Sport mashg‘ulotlari nafaqat erkaklar uchun, balki alohida belgilangan kunlarda xotin-qizlar uchun ham teng imkoniyatlar yaratilgan. Tadbirkor tomonidan yaratilgan bunday qulayliklar mahalla yoshlari va katta yoshli aholi vakillarining jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullanishlariga xizmat qilmoqda.
Deputat A.Mo‘minov mahallalarda bu kabi sog‘lomlashtirish markazlarining ko‘payishi aholi salomatligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, mas’ullarga sport anjomlari va sharoitlarni doimiy nazoratda saqlash bo‘yicha tavsiyalar berdi.



