O‘zbekiston fermerlari kengashining fermerlarga M U R O J A A T I
2026-06-04 15:00:00 / Murojaatnoma
PAXTAChILIKDA KEChIKTIRIB BO‘LMAYDIGAN AGROTEXNIK TADBIRLARNI TIZIMLI VA O‘Z MUDDATLARIDA AMALGA OShIRIB, YuQORI HOSIL VA DAROMAD OLISH UChUN PUXTA ZAMIN YARATING!
O‘zbekiston fermerlari kengashining fermerlarga
M U R O J A A T I
Hurmatli fermerlar!
Qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari manfaatlarini oshirish, suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni faol joriy etish hamda samarali moliyaviy qo‘llab-quvvatlash orqali dehqon va fermerlarning og‘irini yengil qilishga qaratilmoqda.
Xususan, Davlatimiz rahbarining 2026-yil 8-maydagi “G‘o‘za va bug‘doy yetishtiruvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–82-son Farmoni bilan siz fermer va klasterlarga bir qator imtiyozlar berildi.
Birinchidan, shartnomada belgilangan muddatda qaytargan xo‘jaliklarga ushbu kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovining 2,5 foizi, hosil yilining yakuniga (tegishli yilning 31-dekabriga) qadar qaytargan xo‘jaliklarga 5 foizi, shuningdek bug‘doy yetishtirish xarajatlari uchun ajratilgan imtiyozli kreditlarni hosil yilining 1-avgustiga qadar to‘liq qaytargan xo‘jaliklarga ushbu kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovining 4 foiz punkt miqdori fermer xo‘jaliklariga qaytarib beriladi. Ya’ni siz fermerlarning mablag‘lari tejaladi va iqtisodiy imkoniyatlaringiz oshadi.
Ikkinchidan, dizel yoqilg‘isini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qisman qoplash maqsadida 2026-yil 1-apreldan 1-iyulga qadar qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan birja savdolari orqali xarid qilingan har bir tonna dizel yoqilg‘isi qiymatining 13 million so‘mdan oshgan qismi uchun, biroq 2 million so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti hisobidan Agentlik orqali subsidiya ajratiladi.
Uchinchidan, g‘o‘za xomashyosini xarid qilish uchun g‘o‘za-to‘qimachilik klasterlari hamda g‘o‘za xomashyosini qayta ishlash va ip-kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega to‘qimachilik korxonalariga ajratilgan tijorat kreditlari bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovining 8 foiz punktdan yuqori, lekin 16 foiz punktdan oshmagan qismi qoplab berish bo‘yicha klasterlarga imtiyozlar berildi.
Paxtachilikda yuqori hosil olish, avvalo dehqon va fermerlar, paxta klasterlari hamda soha fidoyilari tomonidan tuni-kun amalga oshirilayotgan mashaqqatli mehnat, shuningdek puxta o‘ylangan islohotlar va ilmiy yondashuvlar asosida o‘z samarasini bermoqda.
Joriy yilda tuman bo‘yicha 4200 gektar maydonlarda, shundan 1237 gektardan ortiq Shinjong usulida chigit ekilib, yuqori hosil olish bo‘yicha dalalarda shijoat bilan ish olib borilmoqda.
Hozirgi murakkab iqlim sharoitida, ayniqsa iyun–iyul oylarining issiq va yog‘ingarchilikli bo‘lishi kutilayotganini inobatga olib, dehqon va fermerlardan yanada mas’uliyat bilan ishlash talab etiladi.
Aziz fermerlar!
Keling, yurtimiz taraqqiyoti uchun birgalikda harakat qilaylik. 2026-yil 1-iyunidan boshlab “Dolzarb 30 kunlik” doirasida agrotekhnika tadbirlarini sidqidildan amalga oshirib, yuqori hosil va yuqori daromad uchun puxta zamin yarataylik.
Buning uchun har bir fermer xo‘jaligi o‘z dalasida bo‘lib, g‘o‘zani parvarish qilish ishlarini soha olimlari, mutaxassislari va tajribali ustoz fermerlar tavsiyalari asosida tizimli tashkil etishi lozim.
Hurmatli fermerlar va klaster korxonalari rahbarlari!
Yuqoridagi vazifalarni amalga oshirib, joriy yilda g‘o‘za hosildorligini oshirish, yuqori daromadga erishish hamda Prezidentimiz qarorida belgilangan imtiyozlardan samarali foydalanishga chaqiramiz.
Barchangizni ushbu ezgu ishda faol ishtirok etishga, iqtisodiyotimizni yuksaltirishga hamda ona yurtimiz ravnaqi uchun munosib hissa qo‘shishga da’vat etamiz!
