Piskent tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, polkovnik Mirzayev Muhammad Tursunpo‘latovichning tumanimiz aholisiga murojaati
2026-06-02 16:35:00 / Murojaatnoma
Piskent tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, polkovnik Mirzayev Muhammad Tursunpo‘latovichning tumanimiz aholisiga murojaati
Hurmatli piskentliklar!
Piskent tumanida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, keyingi paytlarda ayrim turdagi jinoyatlar, jumladan bank plastik kartalaridan pul yechib olish bilan bog‘liq holatlar ortmoqda.
Shu bois, kiberjinoyatlarning tarqalishini oldini olish maqsadida quyidagi holatlardan ogoh bo‘lishingizni so‘rayman.
Birinchi holat – telefoningizga notanish yoki yashirin raqamlardan qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini “bank xodimi” yoki moliya tashkiloti vakili sifatida tanishtirgan holda sizga homiylik, nafaqa, yordam puli ajratilganini aytib, shaxsiy ma’lumotlaringizni so‘rasa – aslo ishonmang!
Bunday vaziyatlarda sizdan shaxsiy ma’lumotlar: pasport ma’lumotlari, plastik karta raqami, yuz tasviri va boshqa ma’lumotlarni so‘rashlari mumkin. Bu esa sizning mablag‘laringiz firibgarlar tomonidan o‘zlashtirib olinishiga sabab bo‘ladi.
Ikkinchi holat – Telegramdagi profilingiz orqali sizga “moliyaviy o‘yin”, “investitsiya” yoki “kuniga 22 ming so‘m ishlab olasiz” kabi yolg‘on takliflar bilan murojaat qilishlari mumkin. Ularning maqsadi – sizdan shaxsiy ma’lumotlarni olish va so‘ngra plastik kartangiz orqali mablag‘larni o‘g‘irlashdir.
Uchinchi holat – ayrim hollarda firibgarlar turli tashkilot, korxona yoki banklarga tegishli raqamlarni soxtalashtirish dasturlaridan foydalanib, ishonch uyg‘otadigan qo‘ng‘iroqlar amalga oshirishadi. Ular ham sizning ma’lumotlaringizni olishga va uni suiiste’mol qilishga urinadi.
Bunday holatlarda telefoningizga ulangan bank kartalaringiz orqali kiberhujumlar amalga oshirilishi, hatto nomingizga turli moliyaviy tashkilotlardan kreditlar rasmiylashtirilishi mumkin. Bu esa ortiqcha qarzdorlikka olib kelishi ehtimoli yuqori.
🔴 Shu bois, shaxsiy ma’lumotlaringiz – plastik karta raqamingiz, pasport ma’lumotlaringiz va yuz tasviri kabi ma’lumotlarni hech qachon hech kimga bermang!
❓ Agar sizga shubhali murojaat bo‘lsa, nima qilish kerak?
• Suhbatni darhol to‘xtating.
• Zudlik bilan Ichki ishlar organlarining 102 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qiling va xabar bering.
• Murojaat qilgan shaxs yoki tashkilotning ishonchli yoki firibgar ekanligi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tekshirib beriladi.
