PISKENTDA QISHLOQ XO‘JALIGI VA EKSPORT YO‘NALISHIDA AMALIY SEMINAR O‘TKAZILDI
2026-05-02 14:05:00 / Seminar

PISKENTDA QISHLOQ XO‘JALIGI VA EKSPORT YO‘NALISHIDA AMALIY SEMINAR O‘TKAZILDI
Bugun Piskent tumanida viloyat hokimining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha birinchi o‘rinbosari rahbarligida barcha tumanlardan qishloq xo‘jaligi sohasiga mas’ul rahbar va mutaxassislar ishtirokida amaliy seminar tashkil etildi.
Seminar “Krasniy Mayak” korxonasi bazasida o‘tkazilib, unda kartoshkachilikni rivojlantirish, hosildorlikni oshirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksportga yo‘naltirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tadbir davomida asosiy e’tibor salat bargi yetishtirish va uni eksportga chiqarish tajribasiga qaratildi. Mutaxassislar tomonidan salat bargini zamonaviy agrotexnologiyalar asosida yetishtirish, uni saralash, qadoqlash va tashqi bozor talablariga mos holda eksport qilish jarayonlari amalda namoyish etildi.
Shuningdek, kartoshka yetishtirish ichki bozorni ta’minlash va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashda muhim o‘rin tutishi alohida ta’kidlandi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, mazkur seminar hududlarda eksportbop mahsulot turlarini ko‘paytirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.









