Piskent tumani Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi
2026-04-14 18:05:00 / Majlislar

Piskent tumanida xalq deputatlari Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi
Bugun, 2026-yil 14-aprel kuni Piskent tumani hokimligi majlislar zalida xalq deputatlari Piskent tumani Kengashining yettinchi chaqiriq navbatdagi yigirma beshinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada tuman hayotining muhim yo‘nalishlariga oid qator dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Sessiya kun tartibiga muvofiq, dastlab Piskent tuman prokurori o‘rinbosari O.A. Eshbakov tomonidan tumandagi kriminogen vaziyatni yaxshilash, jinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularni keltirib chiqarayotgan omillarni bartaraf etish borasida 2026-yilning dastlabki uch oyida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berildi. Mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan profilaktik tadbirlar va ularning natijalari yuzasidan deputatlar tomonidan muhokamalar olib borildi.
Shuningdek, sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlari asosida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan tashabbusli byudjet jarayonlari muhokama qilindi. Xususan, aholi fikri asosida shakllangan va ovoz berish natijalariga ko‘ra g‘olib deb topilgan loyihalarga mablag‘ yo‘naltirish, shuningdek qo‘shimcha tarzda yana bir loyihani g‘olib sifatida e’tirof etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Sessiya davomida tuman mahalliy byudjetining 2025-yildagi ijrosi yuzasidan hisobot eshitildi. Unda byudjet mablag‘larining samarali va maqsadli sarflanishi, hudud rivojiga qo‘shilgan hissasi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan tegishli taklif va mulohazalar bildirildi.
Kun tartibidagi muhim masalalardan yana biri ijtimoiy himoya yo‘nalishiga oid bo‘lib, 1-guruh nogironligi bo‘lgan va oilasida mehnatga layoqatli a’zolari mavjud bo‘lmagan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik” jamg‘armasidan mablag‘ ajratish masalasi ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, suv resurslaridan samarali foydalanish, kommunal sohani rivojlantirish, ko‘p kvartirali uy-joylar hududlarini obodonlashtirish, ekologik holatni yaxshilash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham sessiya muhokamasidan o‘rin oldi.
Shu bilan birga, tuman byudjetining qo‘shimcha manbalarini aniqlash, ulardan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek ayrim qarorlarni amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiqlashtirish masalalari yuzasidan ham tegishli axborotlar eshitildi va qarorlar qabul qilindi.
Sessiya yakunida ko‘rib chiqilgan barcha masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinib, ijrosini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi. Mazkur sessiya tuman ijtimoiy-iqtisodiy rivojini ta’minlash, aholi farovonligini oshirish va hududdagi mavjud muammolarni tizimli hal etishga xizmat qiladi.








