Mustaqillik mahallasida yangi mahalla binosi foydalanishga topshirildi
2026-03-30 19:15:00 / Yangiliklar

Mustaqillik mahallasida yangi mahalla binosi foydalanishga topshirildi
Piskent tumanidagi Mustaqillik mahallasida yangi mahalla binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu zamonaviy inshoot mahallada aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, fuqarolar murojaatlari bilan samarali ishlash va ijtimoiy hayotni yanada jonlantirishga xizmat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, mazkur mahalla binosi qisqa muddat — to‘rt oy davomida barpo etilib, bugun foydalanishga topshirildi. Bu esa tumanda amalga oshirilayotgan qurilish ishlarining samaradorligini yaqqol namoyon etadi.
Mustaqillik mahallasi tumanning yirik mahallalaridan biri bo‘lib, bu yerda 3 180 nafar aholi istiqomat qiladi. Yangi bino mahalla fuqarolari uchun yanada qulay sharoit yaratib, ularning murojaatlari bilan ishlash, ijtimoiy masalalarni tezkor hal etishda muhim markaz bo‘lib xizmat qiladi.
Shu bilan birga, bino atrofi ham kompleks ravishda obodonlashtirildi. Hudud tartibga keltirilib, yoshlar uchun zamonaviy workout maydoni barpo etildi. Mazkur sport maydonchasi O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi tomonidan qurib berilgani ahamiyatlidir.
Tadbirda tuman hokimi ishtirok etib, so‘zga chiqdi. U yig‘ilganlarni Navro‘z bayrami hamda yangi mahalla binosining ochilishi bilan tabriklab, bunday ezgu ishlar aholi farovonligi yo‘lida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Shuningdek, mahalla obodonchiligi yo‘lida hissa qo‘shgan barcha tashkilotlar va faol fuqarolarga minnatdorlik bildirildi.
Yangi mahalla binosi endilikda fuqarolar uchun zamonaviy xizmat ko‘rsatish markazi sifatida mahalla hayotini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.








