Sportchi yoshlar bilan ochiq muloqot – yutuqlar sari yana bir muhim qadam
2026-02-26 16:00:00 / Sport
Sportchi yoshlar bilan ochiq muloqot – yutuqlar sari yana bir muhim qadam
Ma’lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 24-fevral kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hududlarda yoshlar bilan ishlash tizimini yanada kuchaytirish, ularning muammo va takliflarini bevosita eshitish orqali amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berilgan edi. Ushbu topshiriqlar ijrosi doirasida joylarda yoshlar bilan ochiq muloqotlar izchil tashkil etilmoqda.
Navbatdagi uchrashuv Piskent tumanida sportchi yoshlar ishtirokida o‘tkazildi. Unda tuman hokimi Muzaffar Aripov, tuman prokurori, Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) rahbari, ichki ishlar bo‘limi hamda boshqa mas’ul tashkilotlar rahbarlari qatnashib, sport sohasida faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan ochiq muloqot qildi.
Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv davomida sportchi yoshlar o‘zlarini qiziqtirayotgan masalalar, xususan, mashg‘ulotlar uchun zarur sharoitlarni yaxshilash, sport anjomlari bilan ta’minlash, turli sport musobaqalarida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish hamda kelgusida yuqori natijalarga erishish masalalari yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdi. Shuningdek, ayrim muammolar va murojaatlar ham ochiqchasiga bayon etildi.
Muloqot davomida mas’ul tashkilot rahbarlari tomonidan har bir murojaat atroflicha ko‘rib chiqilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, sportchi yoshlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda ularni kelgusidagi musobaqalarda yuqori natijalarga erishishi uchun qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida yoshlarning murojaatlarini tezkor va samarali hal etish, ularga amaliy yordam ko‘rsatish hamda sport sohasida yangi yutuqlarga erishish uchun barcha zarur choralarni ko‘rish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, bunday ochiq muloqotlar Piskent tumanida muntazam ravishda o‘tkazilib, yoshlarning muammo va takliflarini eshitish hamda ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
