G‘ALLANING ZANG KASALLIGIGA QARSHI KURASHISH VA HOSILNI PARVARISHLASH BORASIDA KECHIKTIRIB BO‘LMAYDIGAN VAZIFALAR
2026-02-13 10:20:00 / Murojaatnoma
G‘ALLANING ZANG KASALLIGIGA QARSHI KURASHISH
VA HOSILNI PARVARISHLASH BORASIDA KECHIKTIRIB
BO‘LMAYDIGAN VAZIFALAR
Piskent tuman fermerlari kengashi Rayosati a’zolarining fermerlarga
MUROJAATI
Hurmatli dehqon va fermerlar, agrar soha fidoyilari xodimlari!
Respublikamizda boshoqli don ekinlarida 30 turdan ortiq kasallik va zararkunandalar zarar keltirishi aniqlangan bo‘lib, shundan asosiy 4 turdagi kasallik va 6 turdagi zararkunandalar yuqori iqtisodiy xavfli turlari hisoblanadi. Ushbu zararkunandalarga qarshi kurashilmaganda o‘rtacha 15–20 foizgacha, iqlim sharoiti qulay kelgan yillari esa 45–50 foizgacha hosilni nobud qilishi mumkin. Shu bilan birga yetishtirilayotgan don sifatining yomonlashishiga olib keladi. Natijada bunday donning oziq-ovqat sanoati va urug‘lik uchun yaroqsiz bo‘lib qolishiga sabab bo‘ladi. Respublikamiz g‘allazorlarida tarqalib, zarari yil sayin oshib borayotgan asosiy zararkunanda-hasharotlar sifatida zararli hasva, g‘alla shiralari, bug‘doy tripsi va shilimshiq qurt hisoblanadi. Bu zararkunandalar keyingi 4–5 yil davomida Respublikamiz sug‘oriladigan g‘alla maydonlarida tobora keng tarqalib, yetishtirilayotgan donning sifati va miqdoriga sezilarli salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Respublikamizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, g‘alla bozorini erkinlashtirish bo‘yicha islohotlarni izchil davom ettirish, ichki bozorni bug‘doy va un mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash hamda ularning narxlari barqarorligini saqlashda bugungi kunda Siz aziz g‘allakorlardan kuzgi bug‘doyni kasalliklardan o‘z vaqtida, tizimli ravishda himoya qilishni taqozo etmoqda.
Bugungi murakkab global iqtisodiy o‘sish sharoitida, oziq-ovqat xavfsizligi dunyo miqyosida dolzarb masalaga aylanib borayotgan bir davrda, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasida mavjud resurslar va imkoniyatlardan unumli foydalanish, oziq-ovqat ekinlarini ikki barobarga ko‘paytirish, sifatli hosil olish, agrar sohada yangi ish o‘rinlarini yaratish muhim vazifalardan biri ekanligini barchamiz his etib turibmiz.
Shunday murakkab pallada Siz dehqon-fermerlar tomonidan har qachongidan ko‘proq mas’uliyat bilan yondashib ishlash davr taqozo etmoqda.
Tuman bo‘yicha 2026-yil hosili uchun 8000 gektardan ortiq sug‘oriladigan maydonlarga kuzgi boshoqli don ekinlari ekilgan.
Soha olim va mutaxassislari hamda O‘zbekiston fermerlari kengashi Rayosati a’zolarining kuzatuvlariga ko‘ra, bu yil barcha g‘alla maydonlarida zang kasalligi birinchi navbatda o‘g‘itlanmagan va rivojdan orqada qolgan g‘alla maydonlariga keng tarqalishi bashorat qilinmoqda.
Ko‘p yillik kuzatuvlar natijasida respublikada kuzgi bug‘doyni yetishtirish tahlil qilindi. Unga ko‘ra, 1999, 2004, 2009, 2010, 2016, 2024-yillarda sariq zang kasalligi uchun epifitotiya yillari, ya’ni sariq zang kasalligi o‘ta avj olib, mazkur yillarda 50–60 foizgacha, hatto 1999-yilda Surxondaryoda 100 foizgacha bug‘doy hosildorligining yo‘qotilishiga sabab bo‘lgan.
Sariq zang kasalligining avj olishiga asosiy sabab o‘sha yillari qish oylarining iliq va seryog‘in kelib, kuzgi bug‘doy sovuq kunlar bo‘lmaganligi uchun “tiniq davri”ga kirmagan va sariq zang kasalligi janubiy viloyatlarda yanvar, fevral oylarida, boshqa viloyatlarda mart oyida kuchli rivojlanganligi sababli kasallikni to‘xtatishning imkoni bo‘lmagan.
Sariq zangning keng tarqalishi va rivojlanishiga seryomg‘ir va ochiq havoning surunkali almashib turishi qulay sharoit tug‘diradi. Yuqori namgarchilikda uning sporalari o‘sa boshlaydi, +2 daraja haroratda esa o‘simlik to‘qimasiga kiradi.
Kasallikning tez tarqalishi va rivojlanishi uchun 10–15 daraja iliq havo eng qulay vaziyat hisoblanadi. Keyingi yillarda qator mamlakatlarda mazkur kasallikning bundan ham yuqoriroq haroratlarda rivojlanishga moslashgan ekotiplari paydo bo‘ldi. Hatto ayrim mintaqalarda kasallik o‘ta kuchayib, epifitotiya shaklida tarqalmoqda.
Joriy yil hosili uchun ekilgan g‘alla (bug‘doy) “tiniq davri”ga kirmadi. Qish oylarining iliq va seryog‘in bo‘lganligi sababli sariq zang rivojlanishi uchun qulay sharoit bo‘lmoqda.
Hurmatli dehqon va fermerlar!
Shuning uchun bugundan boshlab barcha g‘allachilik fermerlari tomonidan bug‘doy parvarishida zang kasalligiga qarshi “Bir oylik zarbdor oyi” deb e’lon qilib, ushbu mavsumda quyidagi ishlarni amalga oshirishni tavsiya etamiz.
Birinchidan, g‘allani azotli o‘g‘itlar bilan bahorgi birinchi oziqlantirishda gektariga 200–250 kg (fizik holatda) berishni hamda stimulyatorlar sepishni tashkil eting. Bunda azotli o‘g‘it va stimulyatorlar bug‘doy o‘simligini baquvvatlashtiradi va kasallik hamda zararkunanda hasharotlarga chidamliligini oshiradi.
Ikkinchidan, sariq zang kasalligiga qarshi kurashish uchun qo‘llaniladigan fungitsidlarni kamida ikki marta sepishga yetadigan zaxirasini yaratish choralarini ko‘ring. O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi xodimlari bilan birgalikda kasallik alomatlarini aniqlash bo‘yicha monitoring ishlarini boshlang va qayerda kasallik alomatlari paydo bo‘lsa, kimyoviy kurash choralarini amalga oshiring.
Uchinchidan, zang kasalligi keng tarqalib ketishining oldini olish uchun barcha g‘alla maydonlariga bir marta to‘liq kimyoviy ishlov o‘tkazing.
Bunda bug‘doyda zang va boshqa kasalliklarga qarshi kimyoviy kurash kuzatuv asosida o‘simliklarni himoya qilish mutaxassislarining tavsiyasi bilan amalga oshirilishi hamda fungitsidlar samaradorligini ta’minlash uchun ularni tizimli ravishda navbatlab qo‘llash lozim. Birinchi ishlovda propikonazol ta’sir etuvchi moddali preparatlarni, ikkinchi ishlovda tebukonazol + propikonazol va uchinchi ishlovda propikonazol + siperkonazol ta’sir etuvchi moddasi bo‘lgan preparatlardan biri bilan ishlov berish tavsiya etiladi. Preparatlar bilan ikkinchi va uchinchi ishlovlar faqat kasallik belgilari kuzatila boshlaganda o‘tkazilishi tavsiya etiladi.
To‘rtinchidan, Respublikamizda ko‘p yillik kuzatishlarga ko‘ra fevral oyida g‘alla ekinlari bilan birga g‘alladosh begona o‘tlar rivojlanadi va ularga qarshi fevral oyida o‘rtacha harorat +12–15 °C dan yuqori bo‘lganda gerbitsidlar bilan ishlov berish katta samara beradi. Shuning uchun fevral oyining ikkinchi o‘n kunligi va mart oyida g‘alladosh begona o‘tlarga qarshi kimyoviy preparatlar sepishni tashkil eting.
Beshinchidan, o‘simliklarni kasalliklardan himoyalash maqsadida fungitsidlar hamda zararkunanda hasharotlarga qarshi insektitsidlar va o‘simliklar rivojini tezlashtirish (qo‘shimcha barg orqali oziqlantirish) maqsadida stimulyatorlar zaxirasini yaratib qo‘ying va dalada zararli hasva hamda boshqa zararkunandalar aniqlanishi bilan sistemali insektitsidlar va stimulyatorlar bilan profilaktik ishlov o‘tkazing.
Karantin agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “Agroko‘makchi” bepul mobil ilovasidagi onlayn bashorat tizimidan kasalliklar, begona o‘tlar va zararkunandalar bo‘limlarida aniqlab berish imkoniyatlaridan keng foydalaning.
Aziz fermer va dehqonlar!
Prezidentimizning 2025-yil 9-dekabrdagi “Paxtachilik va g‘allachilikda hosildorlikni oshirish uchun yuqori samarador intensiv agrotexnologiyalarni qo‘llashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-370-sonli hamda 2026-yil 5-fevraldagi “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-47-sonli qarorlari bilan Siz fermerlarga katta imtiyoz va vakolatlar berilganligini esdan chiqarmang. Jumladan:
-
2026-yil hosilidan boshlab g‘allani o‘z mablag‘lari yoki tijorat kreditlari hisobidan yetishtirib, uni belgilangan tartibda birja savdolari yoki davlat resursi uchun realizatsiya qilgan qishloq xo‘jaligi korxonalariga mahsulot qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya beriladi;
-
2026-yil 1-oktabrdan bank kreditlarini olmasdan, o‘z mablag‘lari hisobidan suv tejovchi texnologiyalarni, jumladan yomg‘irlatib sug‘orishni joriy qiladigan fermerlar uchun subsidiya ajratishning yangi tizimi joriy etiladi. Ya’ni:
-
hujjatlar va shartnomalar asosida subsidiyaning 50 foizi oldindan Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan ajratiladi;
-
texnologiyalar o‘rnatilib, ishga tushirilgandan so‘ng qolgan 50 foizi to‘lab beriladi va bu Siz fermerlarning g‘alladan yuqori hosil olishingizga zamin yaratadi.
Hurmatli dehqon va fermerlar, agrar soha xodimlari!
Xalqimiz bugun biz dehqon va fermerlarning shijoati, g‘ayrat va matonatiga ko‘z tikib turibdi. Buni bir zum bo‘lsa-da yoddan ko‘tarmaylik. Dasturxonimiz to‘kin-sochin, bozorlarimiz noz-ne’matlarga to‘la va arzon, turmushimiz yanada farovon bo‘lishi ayni paytda amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlarga bog‘liqligini unutmang.
O‘z daromadingizni oshirish hamda mamlakatimiz farovonligiga munosib hissa qo‘shish uchun barchangizni sidqidildan ishlashga, fidoyilik namunasini ko‘rsatishga chaqiramiz!
Piskent tuman fermerlari kengashi Rayosat a’zolari
