8-mart Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan Payariq tumani hokimi o‘rinbosari E.Mamadiyorovning bayram tabrigi
2026-03-06 18:10:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Assalomu alaykum, qalbi daryo onajonlar, jonkuyar, zukko opa-singillar!
Sizlarni yurtimizda barchamiz orziqib kutgan bahor nafasi keza boshlagan mana shu shukuhli damlarda go‘zal ayyom, yangilanish, nafosat, mehr-muhabbat bayrami – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan o‘zim, qolaversa,tumanimiz faollari, keng jamoatchilik nomidan samimiy tabriklayman!
Biz uchun ayol – avvalo, muqaddas ona, mehribon murabbiy, ishonchli hamkor va jamiyat tayanchidir.
Barchamiz uchun aziz va mo‘tabar bo‘lgan ayol zoti haqida so‘z yuritar ekanmiz, avvalambor, bizni dunyoga keltirgan, oq sut berib voyaga yetkazgan Ona siymosi oldida bosh egib ta’zim qilamiz.
Bugun jonajon Vatanimizda xotin-qizlarning jamiyat va davlat hayotidagi o‘rni tobora mustahkamlanib bormoqda. Sizlar ta’lim, ilm-fan, tibbiyot, tadbirkorlik, sanoat va qishloq xo‘jaligi kabi barcha sohalarda fidokorona mehnat qilib, tumanimiz taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shmoqdasizlar. Ayniqsa, oila qo‘rg‘onini mustahkamlash, farzandlarimizni vatanparvar, bilimli va yuksak ma’naviyatli etib tarbiyalashdagi xizmatingiz beqiyosdir.
Ayni vaqtda tumanimizda 285 ming nafardan ortiq axoli istiqomat qilib, shundan 137 ming 300 nafarini ya’ni 48,1 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.
Shu o‘rinda faxr bilan aytmoqchimanki, ushbu xotin-qizlarimizning 144 nafardan ortig‘i xalq xo‘jaligining turli sohalarida rahbarlarik lavozimlarida faoliyat yuritib kelmoqda. Jumladan, 25 ta maktab va 50 ta maktabgacha ta’lim muassasalari direktorlari, 47 nafar tadbirkor lider ayollarimiz biz erkaklar bilan yelkama yelka turib rahbarlik lavozimlarda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Bugungi kunda ta’lim, sog‘liqni saqlash, mahalla, qishloq xo‘jalik deysizmi obodonlashtirish boshqarmasi deysizmi, qolaversa tumandagi barcha korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan fidoiy opa-singillarimiz o‘zlarining chin yurakdan bajargan ishlari, xizmatlari tufayli tumanimiz katta yutuqlarga erishdilar.
Mana shunday islohotlar samarasi o‘laroq, 2025 yilda 12 nafar oila “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan, “Qumchuq” mahallasidagi sobiq xotin-qizlar faoli, ayni vaqtda “Oqila ayollar” harakati a’zosi Murodullaeva Nigora “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. 3 nafar sportchi qizlarimiz sportning muay tay turi bo‘yicha Osiyo chempioni bo‘ldi.
Bundan tashqari 84-maktabning 6-sinf o‘quvchisi Ilxomova Jasmina Ali qizi “Sen iste’dodlisan” Respublika ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida tasviriy san’at yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi, 23-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Abdimuratova Gulgina Xurshid qizi muddatidan oldin 13 ta nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash bo‘limi Chelak maslahat diagnostika bo‘limi vrachi Isakulova Xurshida, Payariq maslahat diagnostika bo‘limi katta hamshirasi Ne’matova Nafisa Shuxratovnalar xalqimiz sog‘lig‘ini tiklash, ularga sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda o‘z safdoshlarini ham oldinga chorlamoqdalar.
Shu bilan birga, tumanimiz qishloq xo‘jaligi sohasi rivojida hormay-tolmay mehnat qilib kelayotgan “Anvar Qo‘chqorov zamini” fermer xo‘jaligi raisi Qo‘chqorova Zilola Anvarovna, “Ostanaqulova Manzura” fermer xo‘jaligi raisi Ostanaqulova Manzura, “Umidjon sahovati” fermer xo‘jaligi raisi Mamasolieva Dilafruzlarni faxr bilan tilga olishimiz lozim. Ular g‘alla va paxta, shuningdek, boshqa qishloq xo‘jalik ekinlari yetishtirishda o‘z fidoyiliklarini ayamayaptilar.
Tumanimizda barcha hamkor tashkilotlar sa’i harakati bilan 1 755 nafar ishsiz ayollarimiz kasb-hunarga o‘qitildi. 12 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarimiz tegishli tavsiyanomalar asosida Oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi.
Hurmatli opa-singillar, mu’tabar onaxonlar!
Biz Sizlarning boy bilim va tajribangiz, davlat va jamiyat hayotida kechayotgan muhim jarayonlardagi faol ishtirokingiz, ezgu tashabbus va intilishlaringiz bilan tumanimizni Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tumanga aylantirishdek ulug‘ maqsad yo‘lida fidokorona mehnat qilib, hissa qo‘shib kelayotganingizni yuksak qadrlaymiz.
Sizlarning hayotbaxsh mehringiz, sabr-bardoshingiz va matonatingiz har bir xonadonga fayz va baraka olib kirmoqda. Yurt ravnaqi, oila saodati va farzandlar kamoli yo‘lidagi sharafli faoliyatingiz uchun sizlarga chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Sizlar bor ekansiz – hayot go‘zal, oila mustahkam, kelajak ishonchli!
Baxtimiz, sharafimiz va iftixorimiz bo‘lgan aziz ayollar, mana shu ulug‘ kunlarda Sizlarga go‘zal ayyom, yangilanish, nafosat, mehr-muhabbat bayrami – Xalqaro xotin-qizlar kuni yana bir bor muborak bo‘lsin!
E’tiborlaringiz uchun rahmat!!!
