Payariq tumani hokimi Xudayberdiyev Shunqor Farmonovichning so‘ngi qo‘ng‘iroq tadbiridagi
2026-05-25 08:10:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Assalomu alaykum aziz bitiruvchilar!
Qadrli ustoz va murabbiylar!
Muhtaram ota-onalar!
Barchangizni 25 may — “So‘nggi qo‘ng‘iroq” bayrami bilan samimiy tabriklayman.
Bugun sizlar hayotingizning muhim va mas’uliyatli bosqichiga qadam qo‘ymoqdasiz. Sizlar uzoq masofalar yoki imkoniyatlar cheklanganiga qaramay, orzu qilishdan va maqsad sari intilishdan to‘xtamadingiz. Bu esa katta kuch va matonat belgisidir.
Sizlarni yangi hayot eshiklari ochilayotgan ushbu unutilmas kun bilan samimiy qutlash men uchun katta sharafdir.
Bugungi kunda ushbu mahallada 1 212 ta xonadon, 1 336 ta oila mavjud, ushbu oilalarda 7 117 nafar aholi istiqomat qilib kelmoqda.
Nakurt mahallasi azaldan ilm-fanga, adabiyot va ma’rifatga yuksak qadr berib kelgan go‘sha hisoblanadi. Bu go‘shadan yetishib chiqqan O‘zbekiston xalq shoiri Azim Suyun, fan doktorlari Shunqor Xushmatov, Abduqaxhor Axrorov, Abdurauf Qambarov, Zohid Qo‘sharov hamda Norqul Xushmatovlar kabi ilm ahllarining mehnati bugungi yoshlar uchun ham ibrat bo‘lib kelmoqda. Mening ishonchim komilki, Sizlarning orangizdan ham yuqoridagi nomlari sanab o‘tilgan ulug‘ insonlarning izdoshlari yetishib chiqadi.
O‘tgan o‘quv yilida 8 nafar farzandlarimiz maktabni muvaffaqiyatli tugatib, ularning
5 nafari nufuzli Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. Joriy yilda bitirayotgan 5 nafar (4 nafar qiz,1 nafar o‘g‘il) o‘g‘il-qizlarimizga ham talaba bo‘lish baxti nasib qilishini tilayman.
Aziz yoshlar!
Sizlar — Yangi O‘zbekistonning ishonchi va tayanchisiz. Ertangi taraqqiyotimiz, yurtimizning obro‘-e’tibori, xalqimiz farovonligi aynan sizlarning bilimingiz, intilishingiz va fidoyiligingizga bog‘liq.
Prezidentimizning 2021 yil 11 yanvardagi PQ-4940-son qaroriga muvofiq mazkur maktabga Xorazm va Andijon viloyatlaridan kelib, Sizlarni yuksak bilim va ko‘nikmalaringizni oshirishiga o‘zlarining beminnat hissalarini qo‘shib kelayotgan Yakubov Qodir akaga, Jumaniyozova Zumrad opaga hamda O‘sarova Fotima opalarga shuningdek, maktabning barcha o‘qituvchilariga alohida minnatdorchilik bildiraman.
Hurmatli ota-onalar, mehribon Ustozlar hamda aziz yoshlar! Men Sizlar bilan tez-tez uchrashib, suhbatlasha olmayotganimdan afsusdaman, shuni bilingki ushbu mahalla ahli va yoshlari doimo e’tibormiz markazida bo‘ladi. Maktabni va aholini har doim qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.
Qadrli bitiruvchilar!
Sizlarga mustahkam sog‘liq, baxt, omad va katta yutuqlar tilayman. Yo‘lingiz ochiq, kelajagingiz doim porloq bo‘lsin!
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
