YOZ FASLIDA OZIQ-OVQATDAN ZAHARLANISHNING OLDINI OLISH BO‘YICHA MUROJAAT
2026-06-17 13:05:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Assalomu alaykum, hurmatli tumanimiz aholisi hamda ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari.
Yoz fasli kirib kelishi bilan bozorlarda va savdo rastalarida turli meva-sabzavotlar, ayniqsa tarvuz, qovun, uzum, o‘rik, shaftoli kabi mahsulotlar mo‘l-ko‘l bo‘ladi. Albatta, bu ne’matlar inson salomatligi uchun foydali hisoblanadi. Biroq ularni iste’mol qilishda sanitariya va gigiyena qoidalariga amal qilinmasa, turli yuqumli kasalliklar hamda oziq-ovqatdan zaharlanish holatlari yuzaga kelishi mumkin.
Afsuski, ayrim fuqarolar meva va sabzavotlarni yaxshilab yuvmasdan, tozalamasdan iste’mol qilmoqda. Natijada inson organizmiga zararli mikroblar, bakteriyalar va viruslar kirib, salomatlikka jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
Shu sababli yoz oylarida o‘tkir ichak infeksiyalari, diareya, tana haroratining ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, qorin og‘rig‘i va suvsizlanish kabi holatlar ko‘paymoqda. Ayniqsa, 3 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida zaharlanish holatlari tez-tez uchramoqda. Chunki bolalarning immun tizimi kattalarga nisbatan zaifroq bo‘lib, kasalliklarga moyilligi yuqori hisoblanadi.
Hurmatli ota-onalar!
Farzandlaringizning salomatligiga befarq bo‘lmang. Bolalarga ko‘chada yoki bozordan xarid qilingan meva va sabzavotlarni yuvmasdan berishdan saqlaning. Har bir mahsulotni oqayotgan toza suvda yaxshilab yuvish, zarur hollarda po‘stini archib iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Shuningdek, quyidagi muhim qoidalarga amal qilishingizni so‘rab qolamiz.
— Meva va sabzavotlarni iste’mol qilishdan oldin albatta yaxshilab yuving;
— Tarvuz va qovunning tashqi qismini kesishdan oldin tozalang;
— Ochiq joylarda, quyosh ostida uzoq vaqt saqlangan mahsulotlarni xarid qilmang;
— Muddati o‘tgan yoki sifati shubhali oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilmang;
— Ovqatlanishdan oldin va hojatxonadan chiqqandan so‘ng qo‘llarni 18-20 soniya mobaynida sovunlab yuving;
— Ichimlik sifatida faqat toza va xavfsiz suvdan foydalaning;
— Bolalarning ko‘chada sotilayotgan noma’lum mahsulotlarni iste’mol qilishiga yo‘l qo‘ymang.
Agar oila a’zolarida qayt qilish, ich ketishi, tana haroratining ko‘tarilishi yoki boshqa zaharlanish alomatlari kuzatilsa, o‘zboshimchalik bilan xonadoningizda davolashga urinmang. Zudlik bilan tibbiyot muassasalaridagi shifokorga murojaat qiling.
Aziz yurtdoshlar!
Har birimiz sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish orqali o‘zimiz va yaqinlarimiz salomatligini asrashimiz mumkin. Kasallikni davolashdan ko‘ra, uning oldini olish oson va samaraliroqdir.
O‘zingizni va farzandlaringizni asrang, sog‘lom turmush tarziga amal qiling!
E’tiboringiz uchun rahmat.
