Ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish tizimi takomillashtirilmoqda
2026-03-16 12:30:00 / Yangiliklar

Prezidentimiz tomonidan 2026-yil 3-mart kuni “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi PF-33-sonli Farmoni qabul qilindi.
Mazkur Farmonning qabul qilinishidan maqsad erta nikoh oldini olishga erishish, ota-onalarning o‘z voyaga yetmagan farzandlari uchun mas’uliyatini yanada oshirish, moliyaviy mustaqillikka erishgan va oila qurishga har tomonlama tayyor bo‘lgan yoshlar o‘rtasida nikoh tuzishni rag‘batlantirish, ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish tizimini takomillashtirish orqali ularning sonini keskin qisqartirish, shuningdek, bunday holatga uchragan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini joriy etish, oila va xotin-qizlar maskanlarida nikohlanuvchilarni «maishiy zo‘ravonliksiz baxtli oilaviy hayotga tayyorlash» maxsus kurslarida bepul o‘qitish bilan qamrab olish darajasini ko‘tarib borish hamda ushbu kurslar sifati va ta’sirchanligini tubdan oshirishdan iborat.
Farmonda 2027-yildan boshlab har ikkala taraf kamida 21 yoshga to‘lganda birinchi marotaba nikoh tuzgan yosh oilalar uchun davlat tomonidan qo‘shimcha imtiyoz va boshqa shakldagi qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etilishi, nikoh shartnomasini tuzgan nikohlanuvchilarni nikohni qayd etish uchun belgilangan davlat bojidan ozod etish tartibi qo‘llanilishi, homilador talaba-qizlarga yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga oliy ta’lim olish uchun «ikkinchi imkoniyat» yaratish maqsadida 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab kursdan kursga qolgan yoxud talabalar safidan chiqarilgan shaxslarga, istisno tariqasida, fanlar farqini qayta o‘zlashtirish sharti bilan ta’limni davom ettirish imkoni yaratish belgilandi.
Shuning Farmon bilan 2026-yil 1-apreldan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra himoya orderi berilgan jabrlanuvchi xotin-qizlarning aloqa vositalariga (telefon, planshet va boshqa qurilmalar) Ijtimoiy himoya milliy agentligining tazyiq va zo‘ravonlik holatlari to‘g‘risida zudlik bilan xabar berish imkonini beruvchi («SOS» chaqiruv) «my.ihma.uz» mobil ilovasi ularning roziligi bilan o‘rnatildi.
Bir so‘z bilan aytganda bugungi kunda ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish, mustahkam oilalarni shakllantirishga erishish eng muhim vazifalarimizdan biridir.
Orifjon Nurimov,
Samarqand tumanlararo iqtisodiy sudining raisi o‘rinbosari.
