O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yillik tantanalari munosabati bilan tuman hokimi Xusan Bultakovich Abduvohidovning Paxtakor tumani aholisiga bayram TABRIGI
2025-08-30 08:00:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum, Qadrli yurtdoshlar!
Hurmatli tumanimiz mehmonlari!
Ajdodlarimizning azaliy orzusi hamda ulkan sa’y-harakatlari natijasida xalqimiz istiqlolga erishganiga bu yil 34 yil to‘ldi. Mustaqillikka erishish, albatta, oson kechgani yo‘q – mashaqqatli mehnat, millatimiz ziyolilarining boshdan kechirgan murakkab sinovlari, yo‘qotishlar va qurbonlar evaziga bugungi farovon kunlarga erishdik.
Bu haqda Prezidentimiz nutqlarida «Xalqimiz qalbidagi hurriyat sari ezgu intilishni hech qanday bosqin, zulm va zo‘ravonliklar yo‘qota olmadi. Bunga ko‘hna tariximizning o‘zi guvoh» deya so‘z yuritganlar. Tarix sarhadlariga e’tibor qarata turib, bugungi kunimizning qadriga yetish aynan shu kunlarda xalqimiz qalbi, ongi shuurida aks etib turganiga aslo shubha yo‘q. Chunki mustaqilligimizning 34 yillik bayram tantanalari tariximizda hech bo‘lmagan yangicha ruh bilan o‘tmoqda desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Davlatimiz raxbarining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida o‘tkazilayotgan bugungi bayram tantanalari muborak bo‘lsin!
Manbalarga nazar tashlasangiz, tumanimiz asosan g‘allachilik, paxtachilik, sabzavot va polizchilik, bog‘dorchilik hamda chorvachilik sohalariga ixtisoslashtirilgan bo‘lsada, bugungi kunda xalqimizning sa’y-harakatlari bilan sanoat, ishlab-chiqarish, transport korxonalari soni yildan-yilga ortib, qo‘shma korxonalar, xususiy firmalar, aksiyadorlik jamiyatlari zavod va fabrikalar tuman iqtisodiy rivojlanishida o‘z o‘rniga ega bo‘lmoqda.
Aziz do‘stlar, qadrli hamyurtlar!
Bugun Paxtakor ahli davlatimiz rahbari belgilab bergan siyosatni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan holda Vatan taqdiriga bevosita o‘zi ham daxldor ekanligini his etib, strategik dasturlarni ro‘yobga chiqarishda ishtirok etayotganini har bir jabhada ko‘rishimiz mumkin.
Jumladan, tuman “Agropilla” MCHJ tomonidan 96 tonna yuqori sifatli kumush tola yetkazib berilib, viloyatda birinchilardan bo‘lib belgilangan vazifa uddalandi. Bu yutuqlarga erishishda, Paxtakor xo‘jaligidagi “No‘mon ota” fermer xo‘jaligi 450 kilogramm, Turkiston xo‘jaligidagi “Mirob Paxta” fermer xo‘jaligi 380 kilogramm hosil topshirib yuqori natijalarga erishdilar.
Bundan tashqari, tumanda joriy yilda 11700 gektar yerda dehqonchilik qilgan g‘allakorlarimiz 35880 tonnalik xirmon yettishtirib viloyatda birinchilardan bo‘ldilar.
Qadrli bayram tadbiri ishtirokchilari!
Barchangizga ma’lumki, bugun Paxtakor - yangilanishlar bosqichida.
Tumanimizda 2025 yil mobaynida bir nechta ob’yektlar yangidan qurilib foydalanishga topshirildi.
Jumladan, “Do‘stlik” mahallasi hududida tumanimiz yoshlarining o‘z iqtidorlarini to‘la namoyon etishlari hamda o‘zlarini qiziqtirgan sohalar bilan shug‘ullanishlari uchun “Yoshlar innovasion markazi” faoliyatini boshladi.
Ushbu bino 1,3 mlrd. so‘m mablag‘ evaziga bunyod etilib, 300 mln.so‘mlik zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlandi.
Markaz bir vaqtning o‘zida 300 nafar o‘quvchini qamrab olish imkoniyatiga ega bo‘lib 30 nafar yoshlar ish o‘rinlariga ega bo‘ldilar.
Bu, albatta tumanimizda yoshlar siyosati sohasidagi muhim yo‘nalishlardan biri sifatida ularga e’tiborni kuchaytirish, ularni axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish borasida samarali ishlar amalga oshirilayotganidan dalolatdir.
Tumanimizda, “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” dasturi doirasida “Samarqand” va “Dilorom” mahallalarida boshlangan ishlar natijasida hududlar ijtimoiy - iqtisodiy rivojlantirilib, aholi turmush tarzi yaxshilanib, infratuzilma zamonaviy ko‘rinishga keltirildi.
Bugungi kunda mazkur dastur asosida bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari tumanning “Do‘stlik” mahallasida davom etmoqda.
Shuningdek, “Suvonobod” mahallasi hududida joylashgan 15-sonli umumta’lim maktabiga 7 160 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilib 340-o‘rinli yangidan bino barpo etilmoqda hamda “Gʻalaba” mahallasi hududida 9,6 mlrd. so‘m mablag‘ evaziga yangidan 240-o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti qurish ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, Zarbdor tajribasi asosida drayver loyihalarni amalga oshirish belgilangan bo‘lib, qiymati 77 mlrd. so‘mlik 125 ta savdo va servis xizmat ko‘rsatish loyihalari hisobiga 470 ta yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.
Shundan, “Samarqand” mahallasi hududida “Janubiy Mirzacho‘l” kanalining qirg‘oqlarida, sohil bo‘yi aholi dam olish maskani tashkil etilmoqda. Buning natijasida, 50 ta savdo va servis xizmat ko‘rsatish ob’yektlari ishga tushirilib, 150 ta ish yangi o‘rinlari yaratiladi;
“Toshkent” mahallasi hududida “Mo‘jiza” istirohat bog‘ini zamonaviylashtirish orqali qo‘shimcha 24/7 rejimida faoliyat yurituvchi savdo-servis ob’yektlari tashkil etilib, 20 ta savdo va servis xizmat ko‘rsatish ob’yektlari ishga tushirilib, 40 ta ish yangi o‘rinlari yaratiladi;
“Gʻalaba” mahallasi hududida, “Vatanparvar” ko‘chasi bo‘yidan o‘tgan, chiqindi suvlar oquvchi, bugungi kunda foydalanilmayotgan zovur o‘rnida savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari tashkil etilib, 30 ta savdo va servis xizmat ko‘rsatish ob’yektlari ishga tushirilib, 150 ta ish yangi o‘rinlari yaratiladi;
“Oltinko‘l” mahallasi hududidagi sobiq cho‘milish xavzasida (plyaj) yer maydoni va qirg‘oqlarida, sohil bo‘yi turizm ob’yektlari hamda aholining madaniy xordiq olishi uchun istirohat bog‘i va akva park tashkil etish hisobiga, 15 ta savdo va servis xizmat ko‘rsatish ob’yektlari ishga tushirilib, 30 ta ish yangi o‘rinlari yaratiladi.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
So‘nggi yillarda o‘sib kelayotgan yosh avlodni jismonan sog‘lom va aqlan yetuk bo‘lib voyaga yetishlari uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratib berilayapti.
Tumanimizda sport sohasida ham bir qancha yutuqlarga erishib kelmoqdamiz. Jumladan O‘zbekiston chempionati va kuboklarida 215 nafar, Xalqaro, Osiyo va Jahon chempionatlarida 15 ta oltin, 23 ta kumush va 37 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib g‘olib va sovrindorlar safidan o‘rin olishdi.
Jumladan, Portugaliya, Janubiy Koreya va Qozog‘iston davlatlarida sportning Kurash va Dzyudo turlari bo‘yicha Jaxon, Osiyo chempionatlarida Hasanova Dilruh, Isroilova Sevinch, Holmirzayeva Gulmira, Murodova Sevinch, Bochkova Despina, Xasanova Dinora o‘z vazn toifalarida yuqori natijalar ko‘rsatib yurtimiz sharafini munosib himoya qildilar.
Davlatimiz raxbari tashabbusi bilan o‘tkazib kelinayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2025 yilgi mavsumida Respublika bosqichida tumanimiz yoshlari sportning Stritbol turidan 1 ta oltin, 1 ta kumush, Yengil atletika turi bo‘yicha 1 ta bronza medali sohibiga aylanib tumanimiz sharafini yuqori o‘rinlarga olib chiqdilar.
Hurmatli bayram tadbiri ishtirokchilari!.
Muxtaram yutrboshimizning ta’limga berayotgan e’tiborlari natijasida, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 20 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabidagi 872 nafar bitiruvchidan 315 nafari 37 foizi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirib, talaba bo‘lishdi.
Tumanimizda bolajonlarni bog‘chalarga qamrab olishda ham yaxshi natijalarga erishmoqdamiz. Jumladan, oxirgi uch yil hisobida 5 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasi va 10 ta oilaviy bog‘chalar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish darajasi 75,0 foizdan – 86,7 foizga yetdi.
Hurmatli bayram tadbiri ishtirokchilari!.
Tumnda xotin-qizlarga a’loxida e’tibor berilib, “Ayollar daftari”ni yuritish orqali xotin-qizlar muammolari tizimli ravishda hal etilmoqda.
Jumladan, tumanda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 2615 nafar xotin-qizlardan 2452 nafari (94 foizi)ga yordam ko‘rsatilgan
Shundan: Ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz ayollarning 1950 nafaridan 1900 nafari ish bilan taminlangan.
Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand ayollarning 36 nafaridan 33 nafariga kredit ajratilgan.
Uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar jumladan, ijarada yashovchi ehtiyojmand ayollarning 23 nafaridan 19 nafariga bugungi kunda uy-joy ijara kompensatsiyasi to‘lab berildi.
Ehtiyojmand oilalardagi 30 nafar xotin-qizlarga oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanomalar berildi.
Oilaviy ajrim bilan bog‘liq 84 ta nizoli oilalardan 57 tasi yarashtirishga erishildi.
Hurmatli bayram tadbir ishtirokchilari!
Paxtakor tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish maqsadida bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.
Tumanda 32 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatilmoqda.
Tumanda 2260 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar mavjud bo‘lib, ulardan 140 nafariga protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlanib, 230 nafari bandligi ta’minlandi.
Kam ta’minlangan oilalarning 1550 tasiga 798 mln.so‘m miqdorida bolalar nafaqasi va moddiy yordam berildi.
Aziz hamyurtlar!
Quvonchli voqealarga boy tarzda kechayotgan yilning yana bir xushxabari O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikning 34 yilligi munosabati va Prezidentimizning Farmonlari bilan bir gurux tadbirkor va fermerlar davlatimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlandilar. Jumladan, tumanimizdan “Paxtakor Teks” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Abduraxmanov Ilxomjon Tursunovich va “Sher-Ulug‘-Jahon” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Soriyev Sherzod Eshonkulovichlar “Shuxrat” medali bilan taqdirlandilar. (Mukofotlanganlarni barcha tuman faollari nomidan tabriklaymiz)
Hurmatli bayram tadbiri qatnashchilari!
Sizlarni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yillik bayrami bilan yana bir bor chin dildan tabriklayman.
Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt va omad yor bo‘lsin!
Go‘zal va betakror yurtimiz hamisha tinch va farovon bo‘lsin!
Mustaqillik bayrami muborak bo‘lsin!
E’tiborlaringiz uchun rahmat!
