Yoshlar bilan uchrashuv: yangi g‘oyalar va innovatsion takliflar muhokama qilindi
2025-08-25 15:00:00 / Yangiliklar

Paxtakor tuman hokimining innovatsion rivojlanish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘.Otajonova tumandagi Olmazor va Paxtakor mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi, yangi g‘oya va loyihalari mavjud bo‘lgan faol yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida intellektual salohiyati yuqori bo‘lgan yoshlar ishtirok etib, turli yo‘nalishlarda bir-biridan qiziqarli taklif va tashabbuslarni ilgari surishdi. Ularning ayrimlari hududni obodonlashtirish, ekologiyani muhofaza qilish, raqamli texnologiyalarni joriy etish, hamda ijtimoiy hayotda yoshlar faolligini oshirishga qaratilgan bo‘ldi.
Tadbir jarayonida O‘.Otajonova yoshlarga murojaat qilar ekan, quyidagilarni ta’kidladi:
“Bugungi kunda bizda yangilikka intiluvchi, salohiyatli yoshlar ko‘p. Faqatgina biz — mas’ullar, ularni ko‘ra bilishimiz, qidirib topishimiz va eng asosiysi, ularni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Ana shundagina ertangi kundan ijobiy natija kutishimiz mumkin.”
Uchrashuv ochiq muloqot tarzida o‘tib, har bir ishtirokchiga o‘z fikr-mulohazalarini bildirish, loyihalarini taqdim etish va amaliy yordam olish imkoniyati yaratildi.
Mazkur tashabbus yoshlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, ularni innovatsion fikrlashga yo‘naltirish va yangi g‘oyalarga tayangan holda tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga hissa qo‘shishiga xizmat qiladi.



