Paxtakorda yo‘l infratuzilmasi va yangi dam olish maskani loyihalari izchil davom etmoqda
2025-08-20 12:00:00 / Yangiliklar

Paxtakor tumanida yillar davomida aholi uchun dolzarb bo‘lib kelgan infratuzilma muammolari bosqichma-bosqich bartaraf etilmoqda. Xususan, “Oltinko‘l” va Paxtakor mahallalarini tuman markazi bilan bog‘lovchi avtomobil yo‘li yangidan barpo etilmoqda.
Ushbu yo‘lning yangilanishi natijasida, ayniqsa, tuman Tibbiyot birlashmasiga va tez tibbiy yordam xizmatlarining yetib borish vaqti ancha qisqaradi. Ilgari 16 kilometr bo‘lgan masofa hozirda 10-11 kilometrgacha qisqargan bo‘lib, yo‘l to‘liq yangilangach, bu ko‘rsatkich yanada kamayishi kutilmoqda. Mustaqillik bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday infratuzilmaviy loyihalar aholining kayfiyatini ko‘tarib, hayot sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, “Oltinko‘l” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yangi zamonaviy dam olish maskani — “PLYAJ” barpo etilmoqda.
Loyihaga ko‘ra, ushbu hududda:
- salqin ichimliklar va umumiy ovqatlanish shoxobchalari,
- mavsumiy katamaran va qayiqlar xizmatlari,
- savdo va ko‘ngilochar infratuzilma obyektlari tashkil etiladi.
“PLYAJ” maskani nafaqat mahalliy aholi, balki Jizzax viloyatining boshqa tumanlari va xorijdan keluvchi sayyohlar uchun ham jozibador maskanga aylanishi kutilmoqda.
Hozirda loyiha doirasida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda:
- suv o‘zani betonlashtirilmoqda,
- piyodalar yo‘laklari, daraxtzor va gulzorlar barpo etilmoqda,
- tungi yoritish chiroqlari o‘rnatilmoqda,
- sohilda himoya to‘sig‘i qurilmoqda.
Loyiha moliyalashtirilgan bo‘lib, natijada:
- 30 ga yaqin tadbirkorlik sub’ekti faoliyat boshlaydi,
- 100 nafardan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali sohil bo‘yidagi hududlarda ko‘p yillik ijara asosida yer ajratish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu esa mahalliy tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
“PLYAJ” maskanida tijorat, savdo va ko‘ngilochar xizmatlarning keng qamrovi taqdim etilishi mo‘ljallangan bo‘lib, bu loyiha Paxtakor tumanining turizm salohiyatini oshirishda muhim qadam bo‘ladi.









