Paxtakor tumani “Paxta–2025” terim mavsumiga to‘liq tayyor
2025-08-18 15:00:00 / Yangiliklar

Paxtachilik qishloq xo‘jaligining asosiy tarmoqlaridan biri hisoblanadi. So‘nggi yillardagi iqlim o‘zgarishlari esa ushbu soha oldiga yangi vazifalarni qo‘yib, ilm-fan va innovatsiyalarni keng joriy etishni talab etmoqda.
Paxtakor tumanida 2025-yilgi mavsumda 11 500 gektar maydonga chigit qadalgani bois, hozirda g‘o‘za dalalari shonaga kirgan bo‘lib, agrotexnik tadbirlar jadallik bilan olib borilmoqda.
Hududdagi paxta qabul qilish punktlari to‘liq tartibga keltirilib, mavjud tarozilar zamonaviy elektron tizimlarga o‘tkazildi. Terim jarayonlarida foydalaniladigan texnikalar ham tayyor holatga keltirildi: 36 dona bunkerli va 8 dona maxsus plyonkali paxta terish mashinasi, shuningdek, paxta tashish texnikalari va tirkamalar to‘liq texnik ko‘rikdan o‘tkazildi.
Bundan tashqari, paxta qabul qilish punktlarida yong‘in xavfsizligi choralari kuchaytirilib, zarur jihozlar bilan ta’minlandi va doimiy nazorat o‘rnatildi. Paxta sifatini aniqlash va nazorat qilish borasida mutaxassislar maxsus o‘quv kurslaridan o‘tkazilib, sertifikatlar bilan ta’minlandi. Shuningdek, laboratoriyalar zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi.
Paxtakor tumanidagi barcha fermer xo‘jaliklari “Paxta–2025” terim mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lib, hosilni o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib-terib olishga safarbar etilgan.









