Paxtakor tumani nuroniylari qadimiy Samarqand zaminiga ziyorat va sayohat uyushtirdilar
2025-08-16 18:30:00 / Yangiliklar

Paxtakor tumanining hurmatli nuroniylari uchun tarixiy va ma’naviy meroslarga boy bo‘lgan qadimiy Samarqand shahriga ziyorat va sayohat uyushtirildi. Ushbu tashrif davomida nuroniylar avvalo muqaddas Shohi Zinda majmuasini ziyorat qilib, bu yerda dafn etilgan avliyolar ruhiga duolar o‘qidilar.
Shundan so‘ng, ziyoratchilar O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, yurtimiz mustaqilligi asoschisi Islom Abdug‘aniyevich Karimov qabrini ziyorat qilib, uning Vatanga qilgan buyuk xizmatlarini yodga oldilar va ruhiga hurmat bajo keltirdilar.
Sayohat davomida nuroniylar buyuk sarkarda Amir Temur maqbarasini ham ziyorat qilib, tariximizning shonli sahifalarini esladilar. Keyinchalik Registon majmuasiga tashrif buyurilib, bu ulug‘ obida qalblarda faxr, iftixor va milliy g‘urur tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Ziyorat ishtirokchilari uchun mo‘jazgina dasturxon yozilib, tushlik tashkil etildi. Sayohat davom etar ekan, ziyoratchilar Ulug‘bek maqbarasini ham ziyorat qilib, o‘z minnatdorchilik va duolarini izhor etdilar.
Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tashrif nuroniylarimiz qalbida chuqur taassurot qoldirib, ularning ezgu tilaklari bilan yakunlandi.









