Urug’ ekib, nihollar yaratilmoqdi BOQIY QADRIYATLARNING BUGUNGI DAVOMCHISI
2025-08-11 09:30:00 / Yangiliklar

(Bog‘bon Komiljon Sharipovning tashabbusi barchaga ibrat bo‘lsa arziydi)
Jonajon O‘zbekistonimizning betakror tabiati, uning boy o‘simlik va hayvonot olami, go‘zal bog‘ va xiyobonlari milliy boyligimizning ajralmas qismi hisoblanadi. Bu ne’matlarni ajdodlarimiz bir necha yuz yillar asrab-avaylab, kelgusi avlodlar uchun ulkan meros qilib qoldirganlar.
Ajdodlarimiz o‘z yurtini, yashagan manzil-makonini obod qilish, bog‘u bo‘stonlar yaratishga katta e’tibor qaratgan. Amir Temur bobomiz bunyod etgan bog‘lar, Alisher Navoiy bobomiz tashabbusi bilan yaratilgan bo‘stonlar, Zahiriddin Muhammad Bobur tomonidan barpo etilgan “Bog‘i Bobur” hali hamon tillardan tushmaydi.
Obodlik bor joyda fayzu-baraka, ishda unum, aholi kayfiyatida ko‘tarinkilik bo‘ladi.
Bu kabi ezgu ishlarni samarali amalga oshirish esa albatta, shu qutlug‘ zaminda yashayotgan barcha yurtdoshlarimizdan ongli ravishda vatanparvarlik va fuqarolik mas’uliyatini talab etadi.
Buni yaxshi anglagan hamyurlarimiz 2024 yilgi kuzgi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida ko‘ngilli ravishda ishtirok etib, bog‘bon Komiljon Sharipov tomonidan yetishtirilgan iqlim sharoitiga mos manzarali daraxt ko‘chatlari hamda urug‘larini tuman hokimligi binosining orqa tomonidagi bo‘sh maydonga ekkan edilar.
El-yurt orasida qo‘li ko‘ksidan tushmaydigan, qayerda bo‘sh yer ko‘rsa, o‘sha yerga daraxt yoki buta ko‘chatini ekib ketadigan Komil aka nomi bilan tanilgan bog‘bon Komil aka tashabbusi bilan ekilgan yasin, qayrag‘och, akatsiya, eman ko‘chatlari va urug‘idan unib chiqqan nihollar bugungi kunda yam-yashil tusda ko‘rgan ko‘zni quvnatib, ko‘ngillarga orom baxsh etayotir. Mazkur daraxt ko‘chatlarining parvarishi Komiljon Sharipov boshchiligida Yevgeniy, Vyachislav, Eduard, Konstantin kabi rus , Sobir va Yanik kabi tatar va polyak millatiga mansub hamyurlarimiz hamda tuman “Obodonlashtirish” korxonasining fidoyi xodimlari bilan birgalikda amalga oshirilayapti.
So‘nggi yillarda yurtimizda tabiat va inson o‘rtasidagi munosabat, atrof-muhit muhofazasi, sog‘lom turmush tarziga alohida e’tibor qaratilganligini hammamiz yaxshi bilamiz. Xalqimizning boy og‘zaki ijodida ham tabiat, atrof-muhit muhofazasi borasida “Birni kessang, o‘nni ek!”, “Bir yil tut ekkan, yuz yil gavhar teradi!”, “Umringdan bir kun qolsa ham ko‘chat ek!” kabi asrlar sinovidan o‘tgan oddiy hikmat-haqiqatlar ham bejiz aytilmagan. Nihol ekish, uni parvarishlash, mevasini tatish bobolarimizdan qolgan merosdir. Bu xayrli tadbirga fidoiy, yuragida vatanparvarlik hissi jo‘sh urgan tumanimiz aholisi o‘z ixtiyori va tashabbuslari bilan qatnashayotganligi quvonarli holdir. Ekilgan turfa ko‘chatlar nafaqat atrof-muhitni zararli gaz va changlardan tozalaydi, balki mevasi bilan dasturxonni to‘kin etadi, bundan tashqari, ekologik, estetik, tabiatparvarlik madaniyatini yuksaltiradi.
Jonajon O‘zbekistonimiz, uning yerosti va yerusti boyliklari, o‘simlik dunyosi, yashil o‘rmon va bog‘lari hammasi bugun bizniki, ertaga esa avlodlarimizniki. Shunday ekan, ona zaminimizga Komiljon Sharipov kabi mehringizni bering.O‘zingizdan keyingi nurli kelajak uchun bugundan boshlab bog‘ yarating!
O‘zining mashaqqatli mehnati bilan tumanimiz obodligi va ko‘rkamligini ta’minlashga katta hissa qo‘shayotgan hamyurtimiz Komiljon Sharipovga o‘z minnatdorchiligimizni bildirgan holda fuqarolarimizdan qilingan mehnat qadriga yetib, yon-atroflarni obod va ko‘rkalamzor etishda o‘z hissalarini qo‘shishga chaqirib qolamiz.









