Pensiya tizimi bosqichma-bosqich to‘liq raqamlashtiriladi.
2025-07-14 10:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qo‘mitasi hamda byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan zamonaviy xizmatlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni imzolandi.
PF-105-son. 26.06.2025
💬 Unga ko‘ra, 2026 yil 1 dekabrdan boshlab:
- fuqarolarning mavjud ish staji va ish haqlari to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlarga asosan pensiya miqdorlarini oldindan aniqlash bo‘yicha "Mening pensiyam" onlayn xizmati joriy etiladi;
- pensiya ta’minotiga oid barcha xizmatlar to‘liq proaktiv, elektron hamda interaktiv shaklga o‘tkaziladi.
💬 Pensiyaga oid ma’lumotlarni to‘liq raqamlashtirish maqsadida:
- 2025 yil 1 oktyabrga qadar Majburiy ijro byurosi tomonidan majburiy ijro jarayonida undiruvni pensiya to‘lovlariga qaratishdan avval dastlab fuqarolarni xabardor qilish tizimi joriy etiladi.
- 2025 yil 1 noyabrga qadar Mudofaa vazirligi tomonidan mudofaa ishlari organlarida ro‘yxatda turgan va pensiya tayinlanayotgan fuqarolarning harbiy xizmatni o‘tagan davri to‘g‘risidagi ma’lumotlarni "Raqamli hukumat" tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali Pensiya jamg‘armasi axborot tizimiga taqdim etish bo‘yicha integratsiya qilish choralari ko‘riladi;
- 2025 yil iyul-oktyabr oylari davomida hokim yordamchilari har bir mahalladagi "mahalla yettiligi" bilan birgalikda fuqarolarning mehnat daftarchasi ma’lumotlarini kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari orqali raqamlashtirish bo‘yicha targ‘ibot ishlari amalga oshiriladi.
💬 Bundan tashqari, 2026 yil 1 avgustga qadar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan:
- fuqarolarning oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qish davri to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘liq raqamlashtiriladi;
- davlat xizmatlari markazlari orqali fuqarolarning oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qish davri to‘g‘risidagi ma’lumotlarni vazirlikning elektron bazasiga yuborish imkoniyati yaratiladi.
