Oʻzbekiston fermerlari kengashining mamlakatimiz fermer va dehqonlariga murojaati
2025-07-05 10:00:00 / Yangiliklar

Hurmatli va aziz fermerlar!
Bugungi global iqtisodiy va ekologiyaviy sharoitda dunyoda oziq-ovqat yetishmovchiligi yuzaga kelish xavfi ortayotgan bir paytda, qishloq xoʻjaligida mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, yuqori hosil olish va oziq-ovqat ekinlarini koʻpaytirish muhim vazifaga aylanmoqda. Shu murakkab sharoitda dehqon va fermerlarimiz barchadan koʻra masʼuliyatli va fidokorona mehnat qilmoqda.
Azaldan xalqimiz nonni ulugʻ neʼmat sifatida qadrlab kelgan. Yetishtirilgan hosilning har donasini nes-nobud qilmasdan yigʻishtirib olish dehqon mehnatining bir qismi hisoblanadi. Endi esa asosiy vazifa — gʻalladan boʻshagan 900 ming gektar yerlarga takroriy ekinlarni oʻz vaqtida ekish, yuqori hosildorlikka erishish va aholi dasturxonini toʻkin qilishdir.
Soʻnggi yillarda fermer va dehqonlarimizning samarali mehnati, ilmiy asoslangan agrotexnologiyalardan foydalanish, bozor mexanizmlarining keng joriy qilinishi evaziga sohadagi ish samaradorligi va daromaddorlik ortib bormoqda. Ilgari foydalanilmagan yerlar oʻzlashtirilmoqda, klasterlar bilan hamkorlik kengaymoqda.
Fermer va dehqonlarimiz mamlakat taraqqiyoti, aholi turmush darajasini oshirish va kambagʻallikni qisqartirishga katta hissa qoʻshmoqda. Yoshlar uchun yer ajratish boʻyicha Prezidentimiz tashabbusini qoʻllab-quvvatlash natijasida qariyb 60 ming gektar yer ajratilib, tajribali fermerlar tomonidan yoshlarga koʻmak koʻrsatilmoqda.
Bunday yerlarda dehqonchilik qilayotgan shijoatli, gʻayratli yoshlarimiz bugun birinchi hosilni yigʻishtirib olishmoqda va ikkinchi ekinni ekishni boshlab yuborishdi.
Natijada, 200 mingdan ortiq yoshlar mavsum davomida 10–15 million soʻm miqdorida daromad olish imkoniyatiga ega boʻlmoqdalar.
Hurmatli fermerlar!
Boshoqli don hosilini yigʻishtirish, gʻalladan boʻshagan yerlardan samarali foydalanish, eksportbop sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirishda masʼuliyatingizni yanada oshirish maqsadida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishingizni soʻraymiz:
Birinchidan, yetishtirilgan boshoqli donni qisqa muddatda, yoʻqotishlarsiz yigʻishtirib olish uchun zarur tashkiliy va moddiy-texnikaviy choralarni koʻring;
Ikkinchidan, gʻalladan boʻshagan yerlarni somondan tezkorlik bilan tozalash, shudgorlash va ekishga tayyorlashni tashkil eting;
Uchinchidan, urugʻlik va koʻchat, shuningdek, shudgorlash ishlarini amalga oshirish uchun Fermerlar kengashi huzuridagi Jamgʻarmadan 18 oygacha kam foizli kredit oling;
Toʻrtinchidan, yerlarni birinchi navbatda ishsizlar, ehtiyojmandlar, “Yoshlar” va “Ayollar” daftaridagi fuqarolar hamda samarali tomorqachilarga oʻrtacha 20 sotixdan mavsumiy ijara asosida begʻaraz ajrating va ekish ishlarida amaliy yordam koʻrsating;
Beshinchidan, ajratilgan yerlarda takroriy ekinlarni toʻliq ekib, eksportbop mahsulot yetishtiring, shu orqali oʻzingiz hamda mamlakatimiz aholisining daromadini oshirishga hissa qoʻshing.
Bu kabi saxovatli va fidokorona ishlaringiz Prezidentimiz tomonidan qator Farmon va qarorlar bilan qoʻllab-quvvatlanib, soliq imtiyozlari berilayotganini alohida taʼkidlaymiz. Shuningdek, tuman sektor rahbarlari, mahalla raislari, Fermerlar kengashi, klasterlar va eksportyor korxonalar tomonidan Sizga zarur yordam koʻrsatiladi.
Ayniqsa, 15–20 sotix yerda dehqonchilik bilan shugʻullanayotgan fuqarolar oʻrtacha 8–10 million soʻm daromad olishlari mumkin. Bu orqali sizlar yoshlar, ayollar hamda xorijdan qaytgan fuqarolarni ish bilan taʼminlashda muhim rol oʻynaysiz.
Aziz va qadrli fermerlar!
Xalqimiz sizlarni "rizq-roʻzimiz bunyodkori" sifatida ardoqlaydi. Sizning shijoat va mehnatingiz tufayli dasturxonimiz toʻkin, bozorlarimiz arzon va turmushimiz farovon boʻladi.
Mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda fermer va dehqonlarning oʻrni beqiyosdir. Biz barchangizni Yurtboshimiz ishonchini oqlash, yurtimiz ravnaqi va xalq farovonligi uchun halol, sidqidildan mehnat qilishga chaqiramiz.
Sizlarga sihat-salomatlik, ezgu ishlaringizga quvvat va baraka tilaymiz. Bu yilgi mavsumda ham ulkan xirmonlar barpo etib, xalqimiz oldida yuzimiz yorugʻ boʻlishi hammamizga nasib etsin!
Oʻzbekiston fermerlari kengashi
