Bozorlar-yurt ko‘rki MAHSULOTLARNING MO‘L-KO‘LLIGI XALQ FAROVONLIGIDAN NISHON
2025-05-26 09:10:00 / Yangiliklar

•Ma’lumotlarga tayangan holda aholi turmush tarzi, madaniyati, urf-odatlari haqida xolis tasavvurlar eng avvalo, bozorlarda shakllanadi, deyish o‘rinlidir.
Bozorlarning obodligi shu yurt odamlarining nozik didi hamda yuksak ma’naviyatidan, to‘kin-sochinligi – ulusning turmushi farovonligidan darak beradi. Shu bois azaldan bu maskanlarni obod qilishga, saranjom-sarishta saqlashga alohida e’tibor qaratilgan. Bir–biridan muhtasham imoratlar qad ko‘tarayotgan zamonaviy shaharlarning bozori ham ana shu go‘zal manzaralarga mos bo‘lishi kerak, albatta.
Bir necha o‘n yillar mobaynida nafaqat hududimiz, balki Do‘stlik, Zafarobod, Arnasoy va hatto Mirzacho‘l tumani aholisiga xizmat ko‘rsatib kelgan Paxtakor “Dehqon bozori” 2019 yilning kech kuzida butunlay buzilib, “Ekobozor” nomi bilan zamonaviy talab va standardlarga muvofiq qayta qurilgan va 2020 yilning 20 dekabr kunida foydalanishga topshirilgan edi.
Bugun Jamol Uzoqov rahbarligida faoliyat yuritayotgan mazkur savdo majmuasida quruq va ho‘l mevalar, chorvachilik, parrandachilik hamda qishloq xo‘jaligining barcha turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qiluvchi do‘konlar xaridorlar xizmatida. Shaharning bosh rejasi bo‘yicha puxta o‘ylangan loyiha asosida qurilgan “Dehqon bozori”
hududida mahsulot turlari joylashuvini va kirish -chiqish yo‘llarini tartibga olish, bozor hududining arxitekturaviy qiyofasini yanada yaxshilash hamda obodonlashtirish, aholining qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini uzluksiz ta’minlash uchun bugungi kunda ham tizimli ishlar amalga oshirilayapti. “Ekobozor”ning sharq tomonidan kirib kelishda yo‘lakning har ikki tomonida yaqinda qayta qurilib, foydalanishga topshirilgan maxsus rastalarda yurtimizning “O‘zbekiston-non shahri” ekanligidan dalolat beruvchi turli-tuman arzon, sifatli non va non mahsulotlari sovdosi tashrif buyuruvchilarning diqqatini tortadi. Arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi yarmarkasida esa kartoshka, karam, sabzi, piyoz, sholg‘om, turp, turli-tuman ichimliklar, shirinliklar, pishiriqlar va yana ko‘plab shunga o‘xshash mahsulotlarning savdosi yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan yili “Ekobozor”ning yonginasida tim qurilib, u yerda 10 nafar kam ta’minlangan va nogironligi bo‘lgan hamyurtlarimizga savdo-sotiq ishlari bilan shug‘ullanishlari uchun tekin rastalar ajratilib berildi.
Savdo majmuasining sanitariya holatlari zamon talabi darajasida. Kundalik chiqindilar maxsus konteynerlarga joylanadi va haftada 2-3 marta “Ekosfera” xodimlari tomonidan tashib ketiladi. Yog‘ingarchilik oqibatida hosil bo‘ladigan suvlarning oqishiga mo‘ljallab yotqizilgan lotoklar toza. Ayni paytda, mazkur savdo majmuasida bahorgi va kuzgi ko‘chat ekish mavsumida qo‘shni tumanlar hamda vodiydan keltirilgan, shuningdek, mahalliy tadbirkorlar tomonidan yetishtirilgan turli- tuman mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini sotish va saqlash uchun ham maxsus joylar muhayyo etilgan.
Favqulodda vaziyatlarda tadbirkor va xaridorlarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida Milliy gvardiyaning mas’ul xodimlari tomonidan chaqiruv tugmachalari o‘rnatilgan. 15 ta kuzatuv kamerasi esa tunu-kun ishlab turibdi. O‘tgan yilning dekabr oyida bozor ma’muriyati ham o‘zining ma’muriy binosiga ko‘chib o‘tdi. Bugungi kunda majmua rahbari bilan bir qatorda profilaktika inspektori, hisobchi, nazoratchi hamda laboratoriya xodimlari o‘zlariga biriktirilgan xonalarda samarali faoliyat olib borishayapti. Mutasaddilar tomonidan tarozilar va boshqa o‘lchov anjomlari sotuvchining ish joyida tortib ko‘rish, qiymatini aniqlash va tovarni berish bo‘yicha barcha jarayonlarning ko‘rinib turishi ta’minlangan holda o‘rnatilishi doimiy nazoratga olingan.
Hozirda bozordagi to‘kin-sochinlik, tozalik va poklikka yo‘g‘rilgan rastalar, dala, bog‘, tomorqalarda yetishtirilgan toza, ming bir dardga davo meva-sabzavotlarning mo‘l-ko‘lligi, avvalo, elimizning farovon turmushidan dalolat beradi.
Bozor hududidagi maxsus ajratilgan joylarda umumiy ovqatlanish, servis xizmati ko‘rsatish va tijorat banklari obyektlari (filiallar, mini-banklar, bank kassalari) joylashtirilgan. Shuningdek, maishiy kimyo, dorixona va ko‘plab boshqa do‘konlar faoliyat yuritayapti.
Darhaqiqat, yaqin-atrofda joylashgan qo‘shni tumanlar aholisiga ham ta’rifi ketgan Paxtakor bozorlari savdo-sotiq aylanmasi jihatidan viloyatdagi eng yirik savdo majmualaridan biri sanaladi. Shu o‘rinda, Laylo Mo‘minova rahbarligida faoliyat yuritayotgan Paxtakor “Buyum bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati tadbirkorlari ham o‘zlarining muomala madaniyati, narxlarning arzonligi va zamon talabi asosida savdo-sotiq qilishayotgani bilan el-yurt olqishiga sazovor bo‘lib kelishayapti.
2007 yilda shahardagi Kravsov nomli ko‘cha boshidagi qarovsiz qolgan joy o‘rnida tuman hokimligining tashabbusi bilan barpo etilgan 150 dan ziyod do‘kon, omborxona, maishiy xizmat xonalari va boshqa yordamchi binolardan iborat savdo majmuasi qo‘riq vohamizda o‘zining tashkilotchiligi bilan tanilgan Shavkat Soatov boshliq “Properti JDR” qurilish firmasi tomonidan amalga oshirilgan edi. Bozorning birinchi navbati Respublikamiz Mustaqilligining 16 yilligi arafasida foydalanishga topshirildi. Umumiy qiymati 625 million so‘m miqdorida belgilangan bu yirik savdo majmuasi yil yakunida to‘la ishga tushishi natijasida 154 ta do‘kon aholiga servis xizmati ko‘rsata boshladi. Bugungi kunda mazkur Paxtakor “Buyum bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati tadbirkorlari tumanimiz aholisi bilan bir qatorda qo‘shni tumanlardan tashrif buyurgan xaridorlarning ham hojatini chiqarishayapti. Bu yerda bolalar va kattalar uchun istalgan turdagi kiyim-kechak, maktab formalari, o‘quv qurollari, sport anjomlari savdosi keng yo‘lga qo‘yilgan. Bozor ma’muriyati tomonidan, ayniqsa, yong‘in xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani juda ahamiyatli. Xususan, kutilmagan holatlarning oldini olish va aholi muhofazasi uchun chaqiruv signallari va kuzatuv qurilmalari muntazam ishlab turibdi. Majmua mutasaddilari va tadbirkorlar tomonidan bozor hovlisi va atrofini obodonlashtirish hamda bunyodkorlik ishlari kundalik vazifaga aylangan. Tadbirkorlarga qulayliklar yaratish maqsadida hududni har bir mavsumiga mos tayyorlash ishlari ham ko‘ngildagidek tashkillashtirgan.
Bir necha oy ilgari ushbu bozorning katta yo‘l yoqasida joylashgan do‘konlari oldidagi yo‘lakka kiyim-kechaklar ilinib, xaridorlarning erkin harakatlanishlari uchun muammo tug‘dirayotgan edi. Bugun bu kabi noxush holatlarning barchasiga chek qo‘yilgan.
Qolaversa, bozorlar xalq farovonligini yanada oshirish vositalaridan biri ekanligi bois tumanimida bozorlar faoliyatini yaxshilashga, narx-navoning asossiz oshib ketishining oldini olishga, sifatli mahsulotlar bilan savdo qilishini ta’minlashga katta e’tibor berilayapti.
Paxtakor tumani hokimi Ashurov Asilbek Rahmonovich
