Biz zo‘ravonlikka qarshimiz
2026-06-30 10:00:00 / Yangiliklar

Ma’lumki, hozirgi kunda muhtaram Prezidentimizning sa’y-harakatlari bilan davlatimizda xotin-qizlarning huquqlarini yanada ishonchli himoya qilish mexanizmi shakllantirildi.
O‘zbekiston Respublikasining **“Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”**gi Qonunining 12-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasiga quyidagi vazifalar yuklatilgan: xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy dasturlarni va qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish; xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlariga olib keladigan sabablar hamda shart-sharoitlarni aniqlash bo‘yicha tadbirlarda ishtirok etish va bunday holatlarni bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar ko‘rish; zo‘ravonlikdan jabrlanganlarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlarida ijtimoiy reabilitatsiya qilish hamda o‘z joniga qasd etishning oldini olishga doir tadbirlar o‘tkazish; xotin-qizlarga nisbatan tazyiq o‘tkazganligi va zo‘ravonlik sodir etganligi uchun profilaktik hisobda turadigan shaxslar bilan yakka tartibdagi profilaktika tadbirlarini o‘tkazishda ishtirok etish; nizoli vaziyatlarni profilaktika qilishga, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga doir dasturlar hamda uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirish; xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi tegishli vakolatli organlar va tashkilotlar bilan hamkorlik qilish kabi bir qator vazifalar yuklatilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-martdagi PF–81-son Farmoni bilan oila, xotin-qizlar va keksa avlod vakillari bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish, mahallalarni qo‘llab-quvvatlashni yanada takomillashtirish, mahallabay ishlashga mas’ul bo‘lgan shaxslar faoliyatini samarali tashkil etish va o‘zaro hamkorligini ta’minlash maqsadida quyidagi yo‘nalishlar davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi: xotin-qizlarning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishlari, munosib ish topishlariga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash va ularning qobiliyatlarini to‘g‘ri yo‘naltirish, gender tenglikni ta’minlash siyosatini davom ettirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlashga doir islohotlarni amalga oshirish; hududlarda, ayniqsa qishloqlarda xotin-qizlarga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ta’minlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish, turar joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash, turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, daromadlarini ko‘paytirish borasida tizimli chora-tadbirlarni belgilash; og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish, ularni “Ayollar daftari” orqali manzilli qo‘llab-quvvatlash; jamiyatda xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, oilaning tarbiyaviy-ta’lim salohiyatini mustahkamlash, jamiyatda oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash va ularning farovonlik darajasini oshirish.
Xususan, alohida e’tibor qaratadigan mavzumiz — zo‘ravonlikka qarshi kurash masalasidir. Davlatimiz zamon bilan hamnafas rivojlanib borayotgan bir paytda, jamiyatimizda ayrim eskicha qarashlarning saqlanib qolayotgani oqibatida ayollarga nisbatan turli ko‘rinishdagi tazyiq va zo‘ravonlik holatlari uchrab turayotganini ta’kidlash lozim.
Zo‘ravonlik — xotin-qizlarga nisbatan jismoniy, ruhiy, jinsiy yoki iqtisodiy ta’sir o‘tkazish yoki bunday ta’sir o‘tkazish choralarini qo‘llash bilan tahdid qilish orqali ularning hayoti, sog‘lig‘i, jinsiy daxlsizligi, sha’ni, qadr-qimmati hamda qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquq va erkinliklariga tajovuz qiluvchi g‘ayrihuquqiy harakat (harakatsizlik)dir.
Bunda asosiy e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan holatlardan biri — ish joyida xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bilan bog‘liq nizolar oqibatida mehnat shartnomasini bekor qilish yuzasidan sudlarda ko‘rilayotgan ishlar sonining ortib borayotganidir.
Shu bois, bunday holatlar yuzasidan xotin-qizlar bo‘limlari sudlarda mazkur toifadagi ishlar bo‘yicha manfaatdor shaxs sifatida ishtirok etishi, shuningdek, nizolarni sudga qadar hal etish va ularning oldini olish bo‘yicha mas’uliyatni yanada kuchaytirishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Jizzax viloyat sudi sudyasi
E. Tojiboyev
