HIRMON TO‘LIB, TO‘KILDI DON
2026-06-13 14:30:00 / Yangiliklar

Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev tomonidan g‘alla parvarishini sifatli tashkil etish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirish hamda hosilni nes-nobud qilmasdan yig‘ib olish bo‘yicha berilgan topshiriq va tavsiyalar joylarda o‘zining amaliy natijasini bermoqda. Xususan, Paxtakor tumanida g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumi uyushqoqlik va yuqori mas’uliyat bilan olib borilmoqda.
Yozning jazirama issig‘idan qochib, aksariyat kishilar salqin joy izlaydi. Bobo dehqon uchun esa buning farqi yo‘q. Dasturxonlarimiz to‘kinligi, bozorlarimiz serobligi uchun u mavsum bo‘yi dalada mehnat qiladi. Issiqmi, sovuqmi, uning qalbi ham, qadami ham ona zamin bilan bog‘liq.
Ertalabdan quyosh tafti atrofni qizdiradi. Boshog‘ini eggan bug‘doylar mayin shamol ta’sirida bir-biriga suyanib, go‘yo mo‘l hosil qo‘shig‘ini kuylayotgandek. Dehqon mehr bilan parvarishlagan hosil bugun o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.
Paxtakor tumanida joriy yilda 11 ming 700 gektar maydonga ekilgan g‘alla maydonlarida o‘rim-yig‘im ishlari qizg‘in davom etmoqda. Hosilni qisqa muddatlarda va sifatli yig‘ib olish maqsadida tumandagi 230 ta fermer xo‘jaligida 65 ta o‘rim kombayni, 130 nafar kombayn operatori, 50 ga yaqin mexanik va texnik mutaxassis hamda 25 ta maxsus otryad safarbar etilgan. Bugungi kunda kombaynlar yordamida kuniga o‘rtacha 656 gektar maydondagi g‘alla o‘rib-yig‘ib olinmoqda.
— 3-iyun kunidan g‘alla o‘rim-yig‘imiga kirishdik, — deydi qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha tuman hokimi o‘rinbosari Marat Kubayev. — Hosilni qisqa muddatlarda yig‘ishtirib olish uchun 245 ta g‘alla tashuvchi texnika jalb qilingan.
“Paxtakor” fermer xo‘jaliklari hududiy uyushmasi tarkibidagi “Normurod ota” fermer xo‘jaligida bo‘lganimizda mehnatning haqiqiy samarasiga guvoh bo‘ldik. Bobojon O‘rozov rahbarligidagi xo‘jalik jamoasi shartnomaviy rejani muvaffaqiyatli bajarib, ilg‘orlar safidan joy oldi. 45 gektar maydondan 82 tonna hosil yig‘ishtirib olinib, gektar hosildorligi 82 sentnerni, ayrim maydonlarda esa 95 sentnerni tashkil etdi.
Bugungi kunga qadar tumanda davlat shartnoma rejasining 75 foizi bajarildi. G‘alladan bo‘shagan maydonlar esa zudlik bilan somondan tozalanib, takroriy ekinlar uchun tayyorlanmoqda. Fermerlar kartoshka, qovun-tarvuz hamda dukkakli ekinlar ekishga kirishgan.









