Biz zo‘ravonlikka qarshimiz
2026-03-13 15:00:00 / Yangiliklar

Ma’lumki, hozirgi kunda muhtaram Prezidentimizning sa’y-harakatlari bilan davlatimizda xotin-qizlarning huquqlarini yanada ishonchli himoya qilish mexanizmi shakllantirildi.
O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 12-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasiga quyidagi vazifalar yuklatilgan: xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat dasturlari, hududiy dasturlar va qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi; xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlariga olib keladigan sabablar hamda shart-sharoitlarni aniqlash bo‘yicha tadbirlarda ishtirok etadi va bunday holatlarni bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar ko‘radi; zo‘ravonlikdan jabrlanganlarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlarida ijtimoiy reabilitatsiya qilishga hamda o‘z joniga qasd etishning oldini olishga doir tadbirlar o‘tkazadi; xotin-qizlarga nisbatan tazyiq o‘tkazganligi va zo‘ravonlik sodir etganligi uchun profilaktik hisobda turadigan shaxslar bilan yakka tartibdagi profilaktika tadbirlarini o‘tkazishda ishtirok etadi; nizoli vaziyatlarni profilaktika qilishga, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga doir dasturlar hamda uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi; xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi tegishli vakolatli organlar va tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-martdagi PF-81-sonli Farmoni bilan oila, xotin-qizlar va keksa avlod vakillari bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish, mahallalarni qo‘llab-quvvatlashni yanada takomillashtirish, mahallabay ishlashga mas’ul bo‘lgan shaxslar faoliyatini samarali tashkil etish va o‘zaro hamkorligini ta’minlash maqsadida bir qator ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Jumladan, xotin-qizlarning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishlari, munosib ish topishlariga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash va ularning qobiliyatlarini to‘g‘ri yo‘naltirish, gender tenglikni ta’minlash siyosatini davom ettirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlashga doir islohotlarni amalga oshirish kabi yo‘nalishlar belgilandi.
Shuningdek, hududlarda, ayniqsa qishloqlarda xotin-qizlarga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, turar joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash, turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, daromadlarini ko‘paytirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni belgilash ham muhim vazifalar sifatida qayd etildi.
Bundan tashqari, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish, ularni “Ayollar daftari” orqali manzilli qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, oila institutini mustahkamlash, jamiyatda oilaviy qadriyatlarni asrash, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash hamda ularning farovonligini oshirish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Mazkur masalada alohida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan mavzulardan biri — zo‘ravonlikka qarshi kurashishdir. Afsuski, jamiyatimizda ayrim eskicha qarashlar saqlanib qolayotgani natijasida ayollarga nisbatan turli tazyiq va zo‘ravonlik holatlari uchrab turibdi.
Zo‘ravonlik — bu xotin-qizlarga nisbatan jismoniy, ruhiy, jinsiy yoki iqtisodiy ta’sir o‘tkazish yoxud bunday ta’sir o‘tkazish bilan tahdid qilish orqali ularning hayoti, sog‘ligi, jinsiy daxlsizligi, sha’ni, qadr-qimmati hamda qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquq va erkinliklariga tajovuz qiladigan g‘ayrihuquqiy harakat (yoki harakatsizlik) hisoblanadi.
Alohida e’tibor qaratiladigan yana bir jihat — ish joylarida xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq nizolar sababli mehnat shartnomasini bekor qilishga oid sud ishlarining ko‘payib borayotganidir.
Shu bois, bunday holatlarning oldini olish maqsadida xotin-qizlar bo‘limlari sudlarda ushbu toifadagi ishlar bo‘yicha manfaatdor shaxs sifatida ishtirok etishi, shuningdek nizolarni sudga yetib bormasdan turib hal etish bo‘yicha faol choralar ko‘rishi zarur.
Jizzax viloyat sudi raisi o‘rinbosari — N. Rasulov
Jizzax viloyat sudi sudyasi — E. Tojiboyev
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Paxtakor tuman sudi raisi — T. Hakimov
