Tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i O'tkir To‘xtamishev axboroti
2026-03-11 10:00:00 / Yangiliklar

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i To‘xtamishev O‘tkir Ubaydullayevichning tumanda 2026 yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prognoz ko‘rsatkichlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi
A X B O R O T I
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 5 fevraldagi **“2026 yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”**gi PQ-49-son qarori ijrosini ta’minlash hamda tumanda 2026 yil uchun shakllantirilgan, aholi bandligini ta’minlash, daromadini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish prognoz parametrlarini tahlil qilib, ijrosini ta’minlash maqsadida tumanda 2026 yil uchun shakllantirilgan aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish prognoz parametrlari ijrosi yuzasidan tumanda yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash to‘g‘risida dastur ishlab chiqildi.
Jumladan, “2026 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash” dasturini ishlab chiqishda quyidagi ishlar amalga oshiriladi.
Tuman aholisi 83 768 nafar, shundan 37 696 nafari (45%) shaharda, 46 072 nafari (55%) qishloqda yashaydi. Shundan:
- mehnat resurslari — 45 681 nafar,
- iqtisodiy faol aholi soni — 35 418 nafar,
- iqtisodiy faol bo‘lmagan aholi soni — 10 263 nafar,
- jami ish bilan band aholi soni — 33 649 nafar,
- ishsizlar — 1 769 nafar.
Iqtisodiyotning rasmiy sektorida bandlar 18 322 nafar, iqtisodiyotning norasmiy sektorida bandlar 14 326 nafarni tashkil qiladi.
Paxtakor tumanida 2026 yilda ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturiga muvofiq joriy yilda jami 14 880 ta aholi bandligini ta’minlash, daromadini oshirish va ish o‘rinlarini soyadan chiqarish belgilangan.
Jumladan:
1. Aholini doimiy ish o‘rinlariga ishga joylashtirish hisobiga jami 2045 ta
Shundan:
- investitsiya loyihalarini ishga tushurish hisobiga — 288 ta,
- xizmat ko‘rsatish va servis loyihalarini ishga tushurish hisobiga — 256 ta,
- qishloq xo‘jaligi sohasida — 400 ta,
- qurilish sohasida — 90 ta,
- bo‘sh ish o‘rinlariga ishga joylashtirish hisobiga — 311 ta,
- banklar mijozlar bilan uchrashuv o‘tkazish orqali — 700 ta.
2. Aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan xizmatlar bilan qamrab olishni tashkil etish hisobiga jami 10 187 ta
Shundan:
- aholini mavsumiy band qilish hisobiga — 1 706 ta,
- “Mehnatsevar ayol” dasturi hisobiga — 232 ta,
- xizmat ko‘rsatish va servis loyihalarini ishga tushurish hisobiga — 781 ta,
- mikroloyihalar, kasbga o‘qitish hamda tomorqadan samarali foydalanish hisobiga — 1 395 ta,
- tuman tijorat banklari tomonidan imtiyozli kreditlar berish hisobiga — 3 486 ta,
- “Teng imkon – inklyuziv bandlik” dasturi asosida — 87 ta,
- pillachilik sohasida aholini mavsumiy band qilish hisobiga — 2 500 ta.
3. Ish o‘rinlarini soyadan chiqarishni tashkil etish hisobiga jami 2 648 ta
2026 yilda 14 880 nafar aholi bandligini ta’minlash, daromadini oshirish va ish o‘rinlarini soyadan chiqarish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarni amalga oshirish yuzasidan yo‘nalishlar va MFY kesimida dastur hamda yo‘l xaritalari ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, 2026 yilda tumanda kambag‘allik darajasini 2,7 foizga, ishsizlik darajasini 4,6 foizga kamaytirish belgilab olindi.
Shu bilan birga, dastur doirasida tashkil etilgan yangi ish o‘rinlari va bandligi ta’minlangan aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron axborot tizimi orqali yuritish hamda shakllantirilgan ma’lumotlarni idoralararo elektron axborot almashinuvi orqali har oyning 15-sanasiga qadar Soliq qo‘mitasiga taqdim etish, o‘z navbatida Soliq qo‘mitasi aholi bandligi va ish o‘rinlari hisobining haqqoniyligini tekshirib, har oyning 20-sanasiga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritib borishi belgilangan.
Shu munosabat bilan vazirlik tomonidan dastur ijrosini monitoring qilish, bandlikka ko‘maklashish hamda tashkil etilgan ish o‘rinlari hisobini yuritish yuzasidan “yangiish.mehnat.uz” elektron platformasi ishlab chiqilgan.
Mazkur platforma yuridik shaxslar (byudjet tashkilotlaridan tashqari) va yuridik shaxs bo‘lmagan tadbirkorlik subyektlarida (yakka tartibdagi tadbirkorlar, dehqon xo‘jaliklari va o‘zini o‘zi band qilganlar) band qilingan aholi va tashkil etilgan ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida yuritiladi.
Bunda sohalarda tashkil etilgan ish o‘rinlari o‘zaro takrorlanishining oldini olish maqsadida har bir korxona va tadbirkorlik subyektlari O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy faoliyat turlari tasniflagichi asosida qarorda belgilangan soha va yo‘nalishlarga ajratiladi. Shuningdek, dastur doirasida korxona va tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar tegishli talablarga javob bergan taqdirda platformada hisobga olinadi.
Bundan tashqari, soha va yo‘nalishlarda dastur ijrosini ta’minlash bo‘yicha tegishli korxona va tashkilotlar rahbarlarining mas’uliyati belgilangan. Shundan kelib chiqib, tumanda dastur doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar platformaga quyidagi tuman bo‘limlari tomonidan kiritib borilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan:
- yirik va hududiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga tashkil etiladigan doimiy yangi ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar — tuman investitsiyalar, sanoat va savdo bo‘limlari tomonidan;
- xizmat ko‘rsatish hamda aholini doimiy ish o‘rinlariga ishga joylashtirish hisobiga bandligi ta’minlangan aholi va tashkil etilgan ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar — tuman iqtisodiyot va moliya bo‘limlari tomonidan;
- qishloq xo‘jaligi sohasida doimiy va mavsumiy ish bilan band qilingan aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlar — tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limlari tomonidan;
- qurilish sohasida doimiy va vaqtinchalik ish bilan band qilingan aholi hamda tashkil etilgan yangi ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar — tuman qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limlari tomonidan;
- “Mehnatsevar ayol” dasturi asosida ma’lumotlar — tuman xotin-qizlar bo‘limi tomonidan;
- ish o‘rinlarini soyadan chiqarish hisobiga ma’lumotlar — tuman soliq inspeksiyasi tomonidan;
- “Teng imkon – inklyuziv bandlik” dasturi asosida — Inson ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan kiritib boriladi.
E’TIBORLARINGIZ UCHUN RAHMAT!
Tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i
O‘. To‘xtamishev
