Harbiy xizmat — yoshlar uchun kasb va kelajak sari muhim bosqich
2026-02-10 10:00:00 / Yangiliklar

📍 Harbiy xizmat — yoshlar uchun kasb va kelajak sari muhim bosqich 🇺🇿🎓
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Miromonovich Mirziyoyev raisligida joriy yil 13-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida muddatli harbiy xizmatni yoshlar uchun haqiqiy hayot maktabiga aylantirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
🔰 Ta’kidlanganidek, armiyada xizmat qilayotgan har bir yosh kamida bitta kasb egasi bo‘lib chiqishi, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi uchun mutlaqo yangi tizim joriy etiladi. Harbiy qismlarning yo‘nalish va mutaxassisliklaridan kelib chiqib, 3–6 oylik kasbga tayyorlash dasturlari ishlab chiqilib, yakunda askarlar malaka imtihonidan o‘tkazilib, kasb sertifikati bilan ta’minlanadi.
💻 Shuningdek, har yili 5 ming nafar askar “Bir million dasturchi” va “Besh million sun’iy intellekt yetakchisi” dasturlari doirasida o‘qitilishi, harbiy xizmat davridayoq oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini topshirish imkoniyati yaratilishi belgilandi.
🎓 Muddatli harbiy xizmatni o‘tash jarayonida askarlar harbiy qismning o‘zida oliygohga kirish test sinovlarini topshirib, talabalikka qabul qilingan taqdirda, xizmat yakunlanishi bilan o‘qishni davom ettirishlari mumkin bo‘ladi.
📌 Ushbu topshiriqlar ijrosi doirasida N-harbiy qism komandiri polkovnik M.J. Raximov, komandir o‘rinbosari podpolkovnik F.B. Zokirov hamda Paxtakor tumani hokimi o‘rinbosari F.H. Quldoshev Paxtakor tumani 1-son texnikumiga tashrif buyurib, yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
🤝 Mazkur tashabbuslar yoshlarning harbiy xizmat davomida kasbiy, intellektual va raqamli salohiyatini oshirish, ularni barqaror kelajak sari tayyorlashga xizmat qiladi.









