Paxtakor tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari – Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi bo‘linmasi boshlig‘i, mayor Bekmatov Ziyovuddin Jamoliddinovichning brifingi
2026-01-09 16:30:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum tumanimiz aholisi va mehmonlari!
Favqulodda vaziyatlar vazirining tegishli buyrug‘iga muvofiq,
2026 yilning 1 yanvaridan 31 yanvariga qadar Respublika miqyosida “Xavfsiz xonadon oyligi” o‘tkazilmoqda.
Mazkur oylikni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — aholi va hududlar xavfsizligini ta’minlash, uy-joylar, ijtimoiy hamda ishlab chiqarish ob’yektlarida yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishini kuchaytirish, shuningdek, yong‘in, is gazidan zaharlanish va gaz chaqnashi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olishdan iborat.
“Xavfsiz xonadon oyligi” doirasida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda tizimli profilaktik tadbirlarni amalga oshirish belgilangan:
- aholi yashash xonadonlari, ko‘p qavatli uylar va yordamchi binolarda yong‘in xavfsizligi holatini o‘rganish hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish;
- talabalar yotoqxonalari va turar joylarida yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishini ta’minlash, tushuntirish va ogohlantirish ishlarini kuchaytirish;
- tungi vaqtda odamlar bo‘ladigan ob’yektlarda (mehmonxonalar, ijtimoiy muassasalar, sog‘liqni saqlash va ta’lim tashkilotlari) yong‘in xavfsizligi holatini qat’iy nazoratga olish;
- qurilish maydonlarida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini ta’minlash, yonuvchan materiallarni saqlash va foydalanish tartibini kuchaytirish;
- aholi o‘rtasida yong‘in xavfsizligi, is gazi va maishiy gazdan foydalanish qoidalari bo‘yicha xavfsizlik madaniyatini shakllantirish.
Shu munosabat bilan barcha fuqarolardan o‘z xonadonlarida elektr va gaz jihozlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilish, isitish pechlari, gaz uskunalari hamda tutun chiqarish moslamalarining soz holatini doimiy nazoratda ushlash so‘raladi.
Shuningdek, yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid holatlar aniqlangan taqdirda, tegishli xizmatlarga o‘z vaqtida xabar berish, profilaktik tadbirlarda faol ishtirok etish hamda mas’ul xodimlar bilan hamkorlik qilish har bir fuqaroning burchi ekanligi alohida ta’kidlanadi.
Hurmatli fuqarolar! Favqulodda vaziyatlarning oldini olish, avvalo, har bir fuqaroning ongli munosabati, mas’uliyati va befarq bo‘lmasligiga bog‘liq. Xavfsizlik talablariga amal qilish orqali siz nafaqat o‘z hayotingizni, balki oilangiz va atrofdagilarning hayotini ham muhofaza qilgan bo‘lasiz.
Unutmang, xavfsiz xonadon — tinch va osuda hayot garovidir!
