Prezident Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga va ko'p millatli xalqimizga murojaatnomasiga Munosabat
2026-01-09 15:00:00 / Yangiliklar

Prezident Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga va ko'p millatli xalqimizga murojaatnomasiga Munosabat
Prezidentimiz tomonidan xalqimizga qilingan navbatdagi murojaat mamlakatimizni ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim dasturiy hujjat bo‘lib, unda inson qadrini ulug‘lash, aholi farovonligini oshirish, mahalla tizimini mustahkamlash va jamiyatni yuksaltirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Ayniqsa, 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yili deb e’lon qilinishi mahallaning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatini yanada oshirishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanadi.
Murojaatda mahalla — xalq bilan davlat o‘rtasidagi eng yaqin va samarali bo‘g‘in ekani, barcha islohotlar avvalo mahallada o‘z aksini topishi lozimligi alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga, oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning jamiyatdagi faolligini oshirish, bandligini ta’minlash hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratildi.
Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalar doirasida mahallalarda ijtimoiy muhitni yaxshilash, kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalar bilan manzilli ishlash, xotin-qizlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, tadbirkorlikka jalb etish, oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, ajrimlarning oldini olish hamda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga barham berish muhim vazifalar sifatida belgilandi.
Paxtakor tumani hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i sifatida Prezidentimiz murojaatida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar asosida tumanda mahalla tizimi bilan yaqin hamkorlikda ish olib borish, har bir oilaning muammosini mahalla kesimida o‘rganish va yechimini topishga alohida e’tibor qaratamiz. Xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, ularning bandligini ta’minlash, daromad manbalarini yaratish, shuningdek, huquqiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlar yanada kuchaytiriladi.
Shuningdek, mahalla faollari, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlab, jamiyatda sog‘lom muhitni shakllantirish, aholining ijtimoiy faolligini oshirish asosiy vazifalarimizdan hisoblanadi.
Prezidentimiz tomonidan bildirilgan ishonch va yuksak talablar bizdan yanada mas’uliyat bilan ishlashni talab etadi. Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash orqali mahallalarni rivojlantirish, jamiyatni yuksaltirish va xalqimiz farovonligini oshirish yo‘lida bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Djabbarova Durdona Sarabekovna Paxtakor tumani hokimi o'rinbosari, oila va xotin-qizlar bo'limi boshlig'i
