Paxtakor tuman prokurori Xayrulla Xo‘jamovich Gaziyevning AHOLIGA MUROJAATI
2026-01-05 17:00:00 / Yangiliklar

Qadrli otaxon va onaxonlar!
Aziz Paxtakor tumani aholisi!
Hurmatli Prezidentimiz rahbarligida mas’ul idora va tashkilotlar hamda vatanparvar xalqimiz bilan hamkorlikda barcha sohalarda, jumladan Paxtakor tumanimizda qonuniylikni mustahkamlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Ko‘rilgan tadbirlar natijasida 2025 yilning 12 oyi davomida tumanimizda oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar 8,5 foizga kamaydi. Shuningdek, 6 ta mahallada yil davomida birorta ham jinoyat sodir etilmay, ular “yashil toifa”da saqlanib qoldi.
Shu bilan birga, so‘nggi vaqtlarda raqamli texnologiyalar orqali fuqarolarni aldash, ularning bank kartalari va mol-mulkini egallash bilan bog‘liq kiberjinoyatlar ko‘payib borayotgani tashvishlidir. Bu holat aholi o‘rtasida raqamli moliyaviy savodxonlikni oshirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Xususan, 2025 yil davomida jami 54 ta kiberjinoyat sodir etilib, shundan 36 tasi o‘g‘rilik, 18 tasi firibgarlik holatlari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Ayrim fuqarolarning mol-mulkini, chorva mollarini qarovsiz qoldirishi, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini yetarli darajada qo‘riqlovga olmasligi oqibatida o‘g‘rilik jinoyatlari sodir etilishiga sharoit yaratilmoqda. Qayd etilishicha, sodir bo‘lgan o‘g‘rilik jinoyatlarining 80 foizi savdo shaxobchalarida, 20 foizi esa qarovsiz qoldirilgan mulklar bilan bog‘liqdir.
Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash borasida davlatimiz tomonidan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganiga qaramay, tumanda 1 ta oilaviy zo‘ravonlik, 3 ta turli darajadagi tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq jinoyat qayd etilgani ham barchamizni befarq qoldirmasligi lozim.
Shuningdek, 2025 yilda ayollar tomonidan 2 ta, yoshlar tomonidan 12 ta, mastlik holatida esa 4 ta jinoyat sodir etilgani mas’ul idoralarning bu yo‘nalishdagi ishlarini yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Yo‘llarda transport vositalari sonining ortib borayotgani haydovchilardan yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya etishni talab etadi. Afsuski, ayrim haydovchilarning mas’uliyatsizligi oqibatida 2025 yilda jami 16 ta, jumladan 4 ta o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari sodir etildi.
Hurmatli yurtdoshlar!
Tumanimizda jinoyatchilikning oldini olish maqsadida 2025 yil davomida aholi gavjum joylar, ko‘chalar, ko‘p qavatli uylar hovlilari, mahallalar kirish-chiqish joylari, savdo markazlari, bozorlar va ta’lim muassasalari atrofiga videokuzatuv kameralari keng miqyosda o‘rnatildi.
Mahallalardagi 803 ta xonadon texnik qo‘riqlovga olinib, ko‘p qavatli uylar kirish qismiga 91 ta “tashvish tugmasi” o‘rnatildi. Shuningdek, 91 ta “namunaviy xavfsiz yo‘lak” va 31 ta “namunaviy xavfsiz ko‘cha” tashkil etildi.
Mazkur chora-tadbirlar natijasida yashirin sodir etilgan 6 ta jinoyat fosh etilib, qidiruvda bo‘lgan 5 nafar shaxs aniqlanib ushlandi. Jinoyatlarni har kuni tezkor tahlil qilish, manzilli profilaktik tadbirlarni belgilash hamda kunlik nazorat tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ham davlat idoralari va jamoatchilik bilan hamkorlik kuchaytirilib, har bir aniqlangan jinoyat bo‘yicha jazo muqarrarligi ta’minlanmoqda.
Qadrli tumanimiz ahli!
Jinoyat qurboni bo‘lib qolmaslik uchun, avvalo, hushyor va ehtiyotkor bo‘lishimiz, turli aldov va asossiz va’dalarga ishonmasligimiz zarur. Notanish shaxslarga shaxsiy ma’lumotlar, bank kartalari rekvizitlarini bermang, mol-mulkingiz va xonadonlaringizni qarovsiz qoldirmang.
Tumanimizda jinoyatchilikning oldini olishda eng asosiy tayanch — Siz, jonkuyar va vatanparvar xalqimizdir. Qonunga itoatkorlik madaniyatini oshirish, atrofimizdagilarni ham shunga chorlash barchamizning muhim burchimizdir.
Agar har bir fuqaro yurtimiz tinchligi va xavfsizligiga o‘z hissasini qo‘shsa, muhtaram Prezidentimizga yelkadosh bo‘lib harakat qilsak, qonun ustuvor va adolat hukmron bo‘lgan jamiyatni barpo etamiz.
E’tiboringiz uchun rahmat!
