Paxtakorda dzyudo rivoji — Prezident tashabbuslari samarasida!
2025-12-30 17:00:00 / Yangiliklar

Hurmatli Prezidentimiz Sh.M. Mirziyoyev tashabbuslari bilan Paxtakor tumani sportchilari uchun muhim loyiha amalga oshirildi. Tuman hududida 18x30 o‘lchamdagi sendvich paneldan bunyod etilgan, yakka kurash sport turiga ixtisoslashtirilgan zamonaviy “Dzyudo” sport zali qurilib, foydalanishga topshirilgan. 🥋
Mazkur sport zalida bugungi kunda 6 nafar malakali trener faoliyat yuritib, 150 nafar o‘quvchi-yoshlarni respublika va xalqaro miqyosdagi sport musobaqalariga puxta tayyorlab kelmoqda.
Tadbirda Paxtakor tumani hokimi tomonidan sportchilarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, moddiy-texnik bazani yanada mustahkamlash hamda ularning musobaqalarda munosib ishtirok etishini doimiy qo‘llab-quvvatlash masalalari alohida e’tirof etildi. 🤝
Bugungi kunda tumanimizda dzyudo sport turi keng ommalashib, ushbu yo‘nalishda shug‘ullanayotgan ko‘plab yoshlar nufuzli musobaqalarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqdalar. 🌟
Jumladan, joriy yil davomida Paxtakor tumani yoshlaridan 33 nafar sportchi Respublika, Jahon va Xalqaro miqyosdagi musobaqalar, shuningdek, “Prezident olimpiadasi” doirasida o‘tkazilgan bellashuvlarda g‘olib va sovrindor bo‘lganligi alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida dzyudo sport turi bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan sportchilar Paxtakor tumani hokimi Xusan Bultakovich Abduvoxidov hamda tuman prokurori Xayrulla Xo‘jamovich Gaziyev tomonidan pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. 🎁🏆









