Paxtakorda xalqaro hamkorlik asosida qishloq xo‘jaligi loyihasi amalga oshiriladi
2025-12-30 15:00:00 / Yangiliklar

Paxtakor tuman hokimligi hamda “Xinjiang Meifeng Seed Industry Technology Co., Ltd” kompaniyasi investorlar ishtirokida o‘zaro Memorandum imzolandi. Ushbu hujjat tomonlar o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va uni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.
Memorandumning asosiy maqsadi Paxtakor tumanining A. Ikromov, Navro‘z va Nodirabegim hududlarida joylashgan, jami 597,7 gektar maydonga ega yer uchastkalaridan samarali foydalanishni ta’minlashdan iborat. Mazkur yerlar paxta–g‘allachilik yo‘nalishida bo‘lib, qolgan 44 yil ijara muddati davomida investor tomonidan oqilona va samarali boshqariladi.
Shuningdek, memorandumga muvofiq, investor “Asr paxtasi” fermer xo‘jaligi zimmasidagi barcha majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi hamda ishlab chiqarish jarayonlarini zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etishni maqsad qilgan.
Ushbu hamkorlik Paxtakor tumanida qishloq xo‘jaligi salohiyatini yanada oshirish, yer resurslaridan unumli foydalanish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va hudud iqtisodiy rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.






