FIRIBGARLIK JINOYATI TUSHUNCHASI, UNING SALBIY OQIBATLARI
2025-12-18 17:00:00 / Yangiliklar

Firibgarlik o‘zganing mulkini yoki mulkka bo‘lgan huquqini aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan haq to‘lamay egallashda ifodalanib, buning ta’sirida mulk egasi yoki boshqa shaxs yoxud vakolatli hokimiyat organi mulkni yoki unga bo‘lgan huquqni boshqa shaxsga beradi, yoinki ushbu mulk yoki unga bo‘lgan huquq boshqa shaxs tomonidan olib qo‘yilishiga imkoniyat beradi, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi dispozisiyasiga muvofiq firibgarlikda aldash deganda, aybdor tomonidan, bila turib, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan yolg‘on ma’lumotlar xabar qilinishi yoki ish holati bo‘yicha mulk egasi yoki boshqa shaxsga ma’lum qilinishi lozim bo‘lgan haqiqiy faktlarni yashirish yohud mulk egasi yoki boshqa shaxsni yanglishtirishga qaratilgan qasddan sodir etilgan harakatlar tushuniladi. Firibgarlikda yolg‘on ma’lumotlarga jabrlanuvchini yanglishtirishga olib kelishi mumkin bo‘lgan har qanday holatlar, jumladan, yuridik fakt va voqealar, mulkning sifati, narhi, aybdorning shaxsi, uning vakolati, niyati (masalan, aybdor shaxs o‘zini mansabdor shaxs yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida ko‘rsatishi) taalluqli bo‘lishi mumkin. Firibgarlikda jabrlanuvchini yanglishtirishga qaratilgan qasddan sodir etiladigan harakatlar jumlasiga, masalan, bitim yoki to‘lov predmetini soxtalashtirish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni o‘ynash chog‘ida aldov usullarini qo‘llash va h.k. kiradi. Firibgarlikda ishonchni suiiste’mol qilish deganda, aybdor tomonidan mulk egasi yoki mulkni uchinchi shaxslarga berib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilishga vakolatli bo‘lgan boshqa shaxslar bilan bo‘lgan ishonchli munosabatlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanishi tushunilishi lozim. Ishonchga turli holatlar, masalan, aybdor shaxsning xizmat mavqei yoki uning jabrlanuvchi bilan shaxsiy yoki qarindosh-urug‘lik munosabatlari sabab bo‘lishi mumkin. Firibgarlikda aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish mulkni yoki unga bo‘lgan huquqni aybdor mulkdorligi yoki egaligiga ixtiyoriy ravishda beradigan aqli raso shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lishi shart. Aybdor tomonidan, bila turib, aqli noraso shaxsni yoki voqelik mohiyatini anglash qobiliyatiga ega bo‘lmagan (masalan, o‘ta yoshligi, ruhiy jihatdan norasoligi, alkogol, giyohvandlik vositasi yoki psixotrop modda ta’sirida og‘ir darajada mastligi tufayli) shaxsni aldash va undan mulkni olish firibgarlik tariqasida emas, balki o‘g‘irlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim, chunki bunday hollarda shaxs mulk uning egaligidan chiqib ketayotganligini anglamaydi.
Mulkni egallashga qaratilgan firibgarlik, mazkur mulk aybdor yoki boshqa shaxslarning g‘ayriqonuniy egaligiga o‘tgan va ular undan xohlagan tarzda foydalanish yoki tasarruf etish real imkoniyatiga ega bo‘lgan paytdan tugallangan deb topiladi. Qonunga ko‘ra, shaxs bankdagi pul mablag‘larini ular uning bankdagi hisob varaqasiga kelib tushgan (o‘tkazilgan) paytdan boshlab real tasarruf qilish imkoniyatiga ega bo‘lganligi tufayli, jinoyat bu mablag‘lar ularni mablag‘ egasi hisob varaqasidan aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan olgan shaxsning yoki boshqa shaxsning bankdagi hisob varaqasiga o‘tkazilgan paytdan tugallangan deb topish lozim.
O‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni egallashga qaratilgan firibgarlik aybdorda o‘zganing mulkiga egalik qilish yoki tasarruf etish uchun yuridik jihatdan tasdiqlangan imkoniyat paydo bo‘lgan paytdan (masalan, ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqi yoki qonunga muvofiq ro‘yxatga olinishi shart bo‘lgan boshqa mulkka nisbatan huquq ro‘yxatga olingan paytdan; shartnoma tuzilgan vaqtdan; mulkka nisbatan shaxsning huquqi tan olingan sud qarori kuchga kirgan kundan; vakolatli davlat organi aybdorda yoki boshqa shaxslarda mulkka nisbatan egalik qilish, foydalanish yoki tasarruf etish uchun asoslar mavjudligi to‘g‘risida qaror qabul qilgan kundan) tugallangan hisoblanadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sharof Rashidov tuman sudinin tergov sudyasi K.Alovov
