PAXTAKOR TUMANI HOKIMLIGI TOMONIDAN QONUNCHILIK HUJJATLARI VA TOPSHIRIQLAR IJROSINI TASHKIL ETISH YUZASIDAN JAMOATCHILIKKA HISOBOT
2025-12-16 16:00:00 / Yangiliklar

Shaxsiy masʼuliyat, temir intizom, kasbiy gʻurur va professional mahorat — ijro intizomining mustahkam poydevoridir.
Ochiqlik va shaffoflik davr talabi ekan, har bir davlat organi hamda tashkiloti keng jamoatchilik oldida hisobot berishi lozim. Paxtakor tumani hokimligi xalq oldidagi mas’uliyat va hisobdorlik tuyg‘usini to‘liq anglagan holda har oy o‘z faoliyatida ijro intizomi to‘g‘risidagi hisobotini jamoatchilik e’tiboriga havola etadi.
Paxtakor tumani hokimligiga 2025-yilning dekabr oyida “Edo.ijro.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi orqali kelib tushgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirildi.
Qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, Qarorlari, Farmoyishlari hamda majlis bayonlarida jami 5 187 ta topshiriq Paxtakor tumani hokimligiga ijro uchun kelib tushgan. Shundan, bugungi kunda ijro muddati yakunlangan 4 089 ta topshiriqlarning ijrosi to‘liq va sifatli bajarilgan, qolgan 484 ta topshiriq belgilangan tartibda ijroga qaratilib, ijrosini barvaqt va sifatli ta’minlash choralari ko‘rilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasining hujjatlarda 140 ta, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlarda 464 ta, Jizzax viloyati hokimligining hujjatlarda 278 ta topshiriqlar tuman hokimligiga ijro uchun kelib tushgan hamda topshiriqlar ijrosi ustidan nazorat o‘rnatilgan.
Mazkur topshiriqlarning ijrosini ta’minlash bo‘yicha kunbay kalendar grafik ishlab chiqildi. Shuningdek, tuman hokimining o‘rinbosarlari kesimida “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqilib, tuman hokimi tomonidan tasdiqlandi hamda ijroga qaratildi. Mas’ul xodimlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish uchun yil boshidan bugungi kunga qadar Qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon, Qaror, Farmoyish va topshiriqlari ijrosini o‘z vaqtida ta’minlamagan hamda mas’uliyatsizligi oqibatida topshiriq ijrosini kechiktirilishiga sababchi bo‘lgan 1 nafar rahbarlar lavozimidan chetlashtirildi, 3 nafar hokim o‘rinbosarlari va tuman bo‘lim boshliqlariga jarima va 7 nafar rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi. Shu bilan birgalikda 4 nafar mas’ullarga tegishli tartibda ogohlantirish berildi.
“Edo.ijro.uz” ijro intizomi idoralararo elektron tizimiga kiritilgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlari Adliya vazirligi, Vazirlar Mahkamasi hamda Hisob palatasi tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqilgandan so‘ng nazoratdan yechilishi inobatga olgan holda, tuman hokimligida ushbu topshiriqlar belgilangan muddatlarda va puxta bajarilishini ta’minlash maqsadida oldindan ogohlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, har hafta ikki marotaba kelgusi oy yakuniga qadar ijro muddati yetib keladigan topshiriqlar ro‘yxati eslatma sifatida hokim o‘rinbosarlari, maslahatchilari, bo‘linma rahbarlari hamda tuman bo‘lim va tashkilotlarga yetkazib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Prezident Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasi va viloyat hokimligining hujjatlari va topshiriqlari ijrosi kunbay, soatbay qat’iy nazorat qilinmoqda.
Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlari ijrosini ta’minlash barcha rahbarlarning eng muhim va birinchi galdagi vazifasi hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, tuman hokimi rahbarligida topshiriqlarning o‘z vaqtida bajarilishi, mustahkam ijro intizomiga amal qilinishi doimiy ravishda nazorat qilib borilmoqda.
Paxtakor tumani hokimligi
