Paxtakor tumani hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i D. Jabbarova MUROJAATI
2025-12-11 13:00:00 / Yangiliklar

Hurmatli Paxtakor tumani aholisi, qadrli yurtdoshlar!
Bugungi kunda jamiyatimiz hayotida ma’naviyat va ma’rifatning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Insonning barkamolligi, oilaning mustahkamligi, mahallalarimizdagi totuvlik va hamjihatlik — bu nafaqat davlat siyosatining, balki har birimizning kundalik hayotimizning muhim mezonidir. Shu munosabat bilan siz, aziz paxtakorliklarga oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, yoshlar tarbiyasiga e’tibor kuchaytirish hamda to‘y-ma’rakalarda ortiqcha dabdabaga yo‘l qo‘ymaslik borasida murojaat qilmoqchiman.
So‘nggi yillarda ayrim oilalarda marosimlarni imkoniyatdan ortiq ravishda, ortiqcha dabdaba bilan o‘tkazish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa ko‘plab oilalarning iqtisodiy barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, yoshlarni yangi hayot yoqasida ortiqcha mas’uliyat va qarzdorlik bilan boshlashiga olib kelmoqda. To‘y — bu quvonch. Ammo quvonch isrofgarchilik bilan emas, balki samimiyat, baraka va tartib bilan bo‘lishi kerak. Ajdodlarimizning “Kamtarlik — ko‘rkamlik”, “Isrof — shaytonning ishi” degan hikmatlari ham aynan shuni anglatadi.
Har bir oila o‘z imkoniyatiga qarab ish tutishi, marosimlarni ixcham, tartibli va dabdabadan holi o‘tkazishi — jamiyatimiz ma’naviy barkamolligi hamda farovonligi uchun muhimdir. Oila va xotin-qizlar bo‘limi, mahalla faollari, nuroniylar va jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda tumanda marosim madaniyatini yuksaltirish, isrofning oldini olish va oilaviy barqarorlikni mustahkamlash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Sizlarning ongli yondashuvingiz ushbu sa’y-harakatlarga yanada kuch bag‘ishlaydi.
Hurmatli yurtdoshlar!
Oila — eng ulug‘ maskan. Oila mustahkam bo‘lsa, jamiyat mustahkam bo‘ladi. Farzandlarimiz bizning har bir ishtirokimiz, har bir qarorimizdan o‘rnak oladi. Keling, ularga isrof emas — tejamkorlikni; dabdaba emas — kamtarlikni; ko‘z-ko‘z qilish emas — mas’uliyatni o‘rgataylik. Boylikdan avval tarbiya, hashamatdan avval ma’naviyat, dabdabadon avval halollik meros qoldirish barchamizning burchimizdir.
Shu bois siz, aziz paxtakorliklarni to‘y va marosimlarda ortiqcha isrofdan tiyilish, o‘z imkoniyatidan kelib chiqib ish tutish va marosim madaniyati talablariga amal qilishga chaqiramiz. Keling, tumanimizda sog‘lom muhit, ma’naviyat, mehr-oqibat va mas’uliyat madaniyatini kuchaytirishda hamjihat bo‘laylik. Shunda Paxtakor tumani yanada totuv, ma’naviy barkamol va farovon hududga aylanadi.
Hurmat bilan,
Paxtakor tumani hokimi o‘rinbosari,
Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i
D. Jabbarova
