O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33 yilligi munosabati bilan Paxtakor tumani hokimi Abduvoxidov Xusan Bo'lltakovichning bayram tabrigi.
2025-12-08 08:00:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum aziz yurtdoshlar!
Qadrli mehmonlar,
Bayram tadbiri qatnashchilari!
Bugun biz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga 33 yil to‘lishini keng nishonlamoqdamiz. Bu sana – mamlakatimiz tarixida muhim siyosiy voqea, davlatimizning mustahkam huquqiy poydevori yaratilgan kun sifatida qadrli.
1992-yil 8-dekabr kuni qabul qilingan Konstitutsiya xalqimizning asriy orzu-intilishlarini mujassam etgan, inson qadrini ulug‘lash, erkinlik, tenglik va adolat tamoyillarini bosh mezon sifatida belgilagan tarixiy hujjatdir. Unda davlat va jamiyat hayotining barcha yo‘nalishlari, insonning asosiy huquq va erkinliklari aniq belgilab berilgan.
Barchangizga ma’lumki, 2023 yil 30 aprelda milliy tariximizda birinchi marta umumxalq referendumi asosida Konstitutsiyamiz yangi tahrirda qabul qilindi.
Yangi Konstitutsiyamizda O‘zbekistonning besh ustuni, ya’ni suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani qat’iy belgilab qo‘yildi, uning mazmuni tubdan takomillashtirilib, yangi bob va moddalar bilan boyitildi.
Yangi Konstitutsiya - bugungi kunda inson qadr-qimmati, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash kafolatiga, mamlakatimizning butun ichki va tashqi siyosatining tamal toshiga, Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan demokratik islohotlarning eng muhim harakatlantiruvchi kuchiga aylandi.
Bugun Konstitutsiyamiz o‘zining hayotiyligi, xalqchiligi va zamonaviy talablarga mosligi bilan ajralib turadi. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar esa mamlakatimizda inson qadrini yuksaltirish, yoshlar va oilani qo‘llab-quvvatlash, adolatli jamiyat barpo etish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Konstitutsiya – bu nafaqat qonunlar majmuasi, balki jamiyatimizning ertangi kuniga bo‘lgan ishonchi, kelajakka qo‘ygan mustahkam poydevoridir.
Biz Konstitutsiyamizda belgilangan huquq va burchlarni chuqur anglashimiz, uni hurmat qilishimiz va amalda qo‘llashimiz davlatimiz taraqqiyoti hamda jamiyat farovonligi uchun muhimdir.
Yakun qilib shuni aytmoqchimanki, Konstitutsiya – bizning umumiy qadriyatimiz, milliy g‘ururimiz va mustahkam tayanchimizdir. Uning hayotimizdagi o‘rni tobora ortib boraveradi.
Barchangizni yana bir bor ushbu qutlug‘ sana bilan tabriklayman! Ezgu maqsadlarimiz yo‘lida bardavom yutuqlar tilayman.
E’tiborlaringiz uchun rahmat!
