Paxtachi tumanida “Umummilliy diktant” tadbiri tashkil etildi.
2026-10-09 16:30:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-308-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2026-yil 24-sentabrdagi 01-1751-sonli xatida belgilangan vazifalar ijrosini amalga oshirish maqsadida tumanda “Umummilliy diktant” tadbiri tashkil etildi.
Mazkur tadbirda tumandagi tashkilotlarda “Edo.ijro.uz” ijro nazorati tizimida faoliyat yurituvchi xodimlar, Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli umumiy o‘rta ta’lim maktablarining kadrlar bo‘yicha menejerlari hamda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlarining o‘rinbosarlari ishtirok etdi. Tadbirning asosiy maqsadi xodimlarning yozma savodxonligini oshirish, davlat tilida ish yuritish madaniyatini yuksaltirish hamda o‘zbek tiliga bo‘lgan hurmat va e’tiborni yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Tadbir yakunlariga ko‘ra, diktantni yuqori saviyada yozib, bilim va savodxonlik darajasini namoyon etgan g‘olib hamda sovrindorlar Paxtachi tumani hokimligining esdalik sovg‘alari bilan tantanali ravishda taqdirlandi.
Ushbu tadbir ishtirokchilarni yanada faol bo‘lishga undash, davlat tilining nufuzini oshirish, yozma savodxonlikni mustahkamlash hamda o‘zbek tilining jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatini keng targ‘ib etishga xizmat qildi.






