“YONG‘INDAN OGOHLIK” UMUMMILLIY KAMPANIYASI BO‘YICHA BRIFING
2026-09-19 17:00:00 / Matbuot anjumanlari

Assalomu alaykum, hurmatli tumandoshlar, tumanimiz mehmonlari va ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari!
Favqulodda vaziyatlar vazirining tegishli buyrug‘iga asosan, sentabr oyi respublikamiz bo‘ylab “Yong‘indan ogohlik” umummilliy kampaniyasi oyligi deb e’lon qilindi.
Mazkur oylikning asosiy maqsadi — aholi o‘rtasida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish madaniyatini yuksaltirish, yong‘inlarning oldini olish, shuningdek, fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkini yong‘in xavfidan muhofaza qilishdan iborat.
Oylik doirasida Paxtachi tumanida ham yong‘inlarning oldini olishga qaratilgan keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot va profilaktik tadbirlar amalga oshiriladi.
Birinchidan, aholi xonadonlarida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib boriladi.
Fuqarolarga elektr jihozlari va elektr tarmoqlaridan, gaz plitalari hamda isitish moslamalaridan xavfsiz foydalanish qoidalari tushuntiriladi.
Xususan, nosoz elektr simlaridan foydalanmaslik, elektr tarmoqlariga bir vaqtning o‘zida ko‘plab yuqori quvvatli jihozlarni ulamaslik, qo‘lbola elektr isitish moslamalaridan foydalanmaslik hamda gaz jihozlarini nazoratsiz qoldirmaslik yuzasidan tavsiyalar beriladi.
Shuningdek, bolalarni olov manbalari va gugurt bilan nazoratsiz qoldirmaslik zarurligiga alohida e’tibor qaratiladi.
Ikkinchidan, mahallalarda profilaktik tadbirlar kuchaytiriladi.
Mahallalarda xonadonma-xonadon yurib tushuntirish ishlari olib boriladi, yong‘in xavfi yuqori bo‘lgan xonadonlar aniqlanadi hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tavsiyalar beriladi.
Bu boradagi ishlar mahalla faollari va mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
Uchinchidan, alohida e’tibor va ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqarolar xavfsizligiga e’tibor qaratiladi.
Jumladan, yolg‘iz yashovchi keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ko‘p bolali oilalar hamda yong‘in xavfi yuqori bo‘lgan sharoitlarda istiqomat qilayotgan fuqarolar bilan manzilli profilaktik ishlar olib boriladi.
To‘rtinchidan, yong‘in sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakat qilish tartibi tushuntiriladi.
Fuqarolarga yong‘in sodir bo‘lgan taqdirda zudlik bilan 101 yoki 112 qisqa raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish, hodisa manzilini aniq ma’lum qilish, imkon qadar odamlarni xavfsiz hududga olib chiqish hamda o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ymaslik bo‘yicha zarur tavsiyalar beriladi.
Hurmatli fuqarolar!
Yong‘inning oldini olish — faqat Favqulodda vaziyatlar organlarining emas, balki har birimizning mas’uliyatimizdir.
Oddiy ehtiyotsizlik ham yong‘in kelib chiqishiga, insonlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘ilishiga hamda katta miqdordagi moddiy zarar yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu bois barchangizni yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etishga, xonadon va ish joylarida xavfsizlik talablariga mas’uliyat bilan yondashishga hamda “Yong‘indan ogohlik” umummilliy kampaniyasi doirasidagi profilaktik tadbirlarda faol ishtirok etishga chaqiramiz.
🔥 Yong‘inni bartaraf etishdan ko‘ra, uning oldini olish oson va xavfsizdir!
E’tiboringiz uchun rahmat!
Paxtachi tumani FVB FVPB kichik inspektori
oddiy askar B. Nomozov
