O‘zbekistonda xususiylashtirish jarayonlari va davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish jadallashmoqda
2026-09-08 12:55:00 / Yangiliklar

O‘zbekistonda davlat aktivlarini realizatsiya qilishning yangi mexanizmlari joriy etilib, investorlar uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratilmoqda hamda xususiy sektorning imkoniyatlari kengaytirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-177-son Farmoniga muvofiq, xususiylashtirish dasturi doirasida 84 ta xo‘jalik jamiyatidagi davlat ulushlari, 1 242 ta ko‘chmas mulk obyekti hamda tadbirkorlik va shaharsozlik maqsadlari uchun qariyb 8 ming gektar yer uchastkalari savdoga chiqarilishi rejalashtirilmoqda.
Bu haqda Prezidentimiz joriy yil avgust oyida tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan 6-ochiq muloqotda ham alohida ta’kidlab o‘tdi.
Bundan tashqari, ilgari sotilmagan 84 ta aktivning boshlang‘ich narxi 1 million so‘m etib belgilanib, qayta auksionga chiqariladi.
Savdoga chiqariladigan aktivlarning umumiy qiymati 100 trillion so‘mni tashkil etadi. Ularni realizatsiya qilishdan yil yakuniga qadar kamida 14 trillion so‘m tushum olish kutilmoqda.
TADBIRKORLAR UCHUN YANGI IMKONIYATLAR
Farmon bilan tadbirkorlarning takliflari asosida davlat aktivlarini realizatsiya qilishning yangi mexanizmlari joriy etilib, ularni xarid qilish jarayoni yanada qulaylashtiriladi.
Xususan:
🔹 aktivni xarid qilishda avans to‘lovi 15 foiz etib belgilanadi. Avval ushbu ko‘rsatkich 35 foizni tashkil etgan;
🔹 qolgan summani foiz hisoblanmagan holda bosqichma-bosqich to‘lash imkoniyati yaratiladi. Avval o‘rtacha 14 foiz ustama qo‘llanilgan.
YIRIK BITIMLAR UCHUN QO‘SHIMCHA IMTIYOZLAR
Yirik bitimlar bo‘yicha ham xaridorlar uchun qulay to‘lov shartlari belgilanadi:
🔸 aktiv qiymatini 6 oy ichida to‘liq to‘lagan xaridorlarga 25 foiz chegirma taqdim etiladi;
🔸 aktiv qiymatining 35 foizini 3 oy ichida to‘lash sharti bilan qolgan qismini 5 yilgacha;
🔸 aktiv qiymatining 50 foizini 6 oy ichida to‘lash sharti bilan qolgan qismini 7 yilgacha foiz hisoblanmagan holda bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi.
AKTIVLARNI SOTISHDA YANGI MEXANIZMLAR
Savdolarning samaradorligini oshirish maqsadida aktivlarni sotishning yangi mexanizmlari joriy etiladi.
Agar aktiv 3 oy davomida sotilmasa, uning narxini bosqichma-bosqich pasaytirish mexanizmi qo‘llaniladi.
Ayrim hollarda “gibrid auksion” mexanizmi ham qo‘llanilishi mumkin. Mazkur mexanizm savdo jarayonida narxni pasaytirish va keyinchalik oshirish usullarini birlashtirish imkonini beradi.
Eng muhimi, ushbu yangi mexanizmlar va imtiyozlar davlat ishtirokidagi tijorat banklari balansidagi aktivlarni realizatsiya qilishda ham qo‘llanilishi mumkin.
YER UCHASTKALARINI “TAYYOR PAKET” TAMOYILI ASOSIDA SOTISH
Qabul qilingan hujjatda yer uchastkalarining investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Yer uchastkalarini “tayyor paket” tamoyili asosida sotish mexanizmi joriy etiladi. Bunda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishning texnik shartlari hamda zarur ruxsat beruvchi hujjatlar oldindan tayyorlanadi.
Mazkur chora-tadbirlar davlatning iqtisodiyotning raqobatli tarmoqlaridagi ishtirokini yanada qisqartirish, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda davlat aktivlaridan yanada samarali foydalanishga xizmat qiladi.
Q. Eshankulov,
“Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ
Samarqand viloyati hududiy vakili
