PAXTACHI TUMANI IIB BOSHLIG‘INING PROFILAKTIK-OGOHLANTIRUVCHI MUROJAATI
2026-09-07 14:10:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Paxtachi tuman IIB boshlig‘i, podpolkovnik Eshnazarov Todjiddin Jurakulovichning tuman hududidagi kriminogen vaziyat yuzasidan murojaati
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tuman hududidagi kriminogen vaziyat yuzasidan har oy yakuni bilan profilaktik-ogohlantiruvchi murojaat yo‘llab borilmoqda.
AVGUST OYIDAGI KRIMINOGEN VAZIYAT
Olib borilgan profilaktik va tezkor chora-tadbirlar natijasida avgust oyi davomida tuman hududida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlardan og‘ir tan jarohati yetkazish, bosqinchilik hamda oilaviy zo‘ravonlik kabi jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Shuningdek, xodimlar tashabbusi bilan aniqlangan jinoyatlar salmog‘i o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3 foizga yaxshilandi.
Mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlashga qaratilgan tadbirlar natijasida tuman hududidagi 51 ta mahallaning 22 tasida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
TEZKOR-PROFILAKTIK TADBIRLAR NATIJALARI
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar doirasida:
🔹 18 ta tintuv tadbiri o‘tkazildi;
🔹 kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi hamda giyohvandlik vositalari oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi 9 nafar shaxs aniqlandi;
🔹 8 nafar shaxs qamoqqa olindi;
🔹 3 ta giyohvandlik, 1 ta qo‘shmachilik, 4 ta foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida ruxsatnomasiz qazib olish hamda 1 ta noqonuniy qurol saqlash bilan bog‘liq jinoyat aniqlandi;
🔹 qidiruvda bo‘lgan 4 nafar shaxs qo‘lga olindi;
🔹 muqaddam sudlangan va ma’muriy nazorat qonuni talablariga tushuvchi 8 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy nazorat o‘rnatildi.
Tungi vaqtda ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar kuzatuvisiz ko‘ngilochar joylarda bo‘lishiga yo‘l qo‘ygan 57 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rildi.
Shuningdek, avtomashinasini ochiq holda qoldirgan, velosiped, aravacha va boshqa mol-mulklarini qarovsiz qoldirgan 229 nafar fuqaroga tushuntirish ishlari olib borildi.
O‘G‘RILIKLARNING OLDINI OLISH — BARCHAMIZNING VAZIFAMIZ
Tahlillarga ko‘ra, mahallalarda sodir etilgan o‘g‘riliklarning 35 foizi buyumlar va chorva mollarini qarovsiz qoldirish, 45 foizi esa xonadonlar va savdo do‘konlarida xavfsizlik choralarining yetarli darajada ta’minlanmagani oqibatida sodir etilgan.
Bugungi kunda bunday jinoyatlarning oldini olish maqsadida aholi o‘rtasida xonadonlar, savdo do‘konlari va boshqa obyektlarni Qo‘riqlash markaziga ulash, ko‘cha va jamoat joylarini zamonaviy videokuzatuv kameralari bilan jihozlashning afzalliklari bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Xususan, tumanimizda 190 ta turli obyekt Qo‘riqlash bo‘linmasi tomonidan qo‘riqlovga olingan.
Aziz Paxtachiliklar!
Xonadonlaringiz va boshqa obyektlaringizdan o‘g‘rilik jinoyatlari sodir etilishining oldini olish maqsadida ularni Qo‘riqlash pultiga topshirishingizni tavsiya qilaman.
“XAVFSIZ HUDUD — 30 KUN” TADBIRI
Joriy yilning 1–31-avgust kunlari fuqarolarimizning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida respublika miqyosida “Xavfsiz hudud — 30 kun” tezkor-profilaktik tadbiri o‘tkazildi.
Mazkur tadbirlar davomida qator ijobiy natijalarga erishildi.
Shu sababli, Siz azizlardan mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, ijtimoiy jihatdan muhim qatlam hisoblangan voyaga yetmaganlar va yoshlarni qonunga itoatkorlik ruhida tarbiyalash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi mas’uliyatli vazifalarni amalga oshirishda faol hamkorlik qilishingizni so‘rayman.
Biz tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha barcha zarur chora-tadbirlar hamda aniq vazifalar belgilab olindi.
AZIZ PAXTACHILIKLAR!
Murojaatim yakunida Siz azizlarni, har doimgidek, yana va yana ogohlikka chaqiraman!
O‘z oilamizni, o‘z mahallamizni, o‘z tumanimizni — o‘zimiz asraylik!
Ogohlik — xavfsizlik garovidir!
E’tiboringiz uchun rahmat!
