Paxtachi tumani fermerlari hamda Qishloq xo‘jaligi bo‘limi kengashining qo‘shma MUROJAATI
2026-07-15 16:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

PAXTAGA QO‘SHIMCHA ISHLOV BERING VA HOSILINGIZGA HOSIL QO‘SHING!
Paxtachi tumani fermerlari hamda Qishloq xo‘jaligi bo‘limi kengashining qo‘shma
MUROJAATI
Hurmatli dehqon va fermerlar hamda agrar soha xodimlari!
Bu yilgi tabiat qiyinchiliklariga qaramasdan, Siz fermer
va dehqonlar tomonidan tuman bo‘yicha 7 ming 333 gektar shundan, Shinjon usulida 2 ming 420 gektar maydonlarda paxta parvarishlanmoqda.
Barchamiz yaxshi tushunamizki, hozirgi o‘ta murakkab iqlim sharoitida ko‘plab sinov va qiyinchiliklarga qaramasdan, ayniqsa bu yil iyul oyining har yilgidan ko‘ra ikkinchi yarmi o‘ta issiq kelayotganligi sababli suvchi, mexanizator hamda chekanka (chilpish) qiladigan dala ishchilariga ish haqqilarini o‘z vaqtida berib, paxtangizda agrotexnik tadbirlarni, jumladan, sug‘orish, kultivatsiya qilish va chikankani o‘z vaqtida tashkil etishni davr taqazo etmoqda.
Xalqimiz Sizdek mirishkor dehqon va fermerlar, mohir suvchi
va irrigatorlar, o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan mexanizator
va agronomlar, jonkuyar olim va tadqiqotchilar, klaster xodimlari timsolida ana shunday fidoyi insonlarni ko‘radi va el-yurt dasturxonini to‘kin qilish yo‘lidagi sharafli va olijanob mehnatingizni yuksak qadrlaydi.
Murakkab ob-havo sharoitidan tortib, eng kerakli agrotexnik tadbirlarni qo‘llashgacha bo‘lgan jarayonlardan eson-omon o‘tish oson kechmaydi, albatta.
Eng muhimi, bu yil iyul oyining so‘ngi o‘n besh kunligi va avgust oyining birinchi o‘n kunligi jazirama issiq kunida paxtaning hosilini olib qolib, tunu kun qilgan halol zahmatli xizmatlari mevasi naqadar totli ekanini hosil pishib yetilib, o‘z vaqtida terib-yig‘ib olinib, xirmonga to‘kilgan damda, asosiysi, belgilangan rejalar oshirib uddalanganidan keyingina anglab yetadi.
Ana shundagina fermerning ko‘ngli xotirjam bo‘ladi. Buning uchun esa har bir fermer xo‘jaligi rahbari bugundan boshlab o‘z paxta dalasida “Dolzarb – 20 kun” e’lon qilishi lozim.
Himmati baland mirishkor fermerlar!
Iyul-avgust oylarida bajariladigan agrotexnik tadbirlarning ahamiyati paxta hosildorligini oshirishda nihoyatda muhim. Negaki, hosilning ertagi, sifatli va mo‘l bo‘lishi ayni shu oydagi mehnat natijasi bilan o‘lchanadi. Zero, g‘o‘za agrotexnikasi talablarga muvofiq bajarilsa, rivoji tezlashib, ko‘saklarga ko‘sak qo‘shiladi, erta pishib yetiladi, hosilga baraka kiradi.
«G‘o‘za pishmaydi» degan qarash noto‘g‘ri. O‘zbekistonning qisqa vegetatsiya sharoitida uning pishishini texnologik reja asosida boshqarish kerak. Yashil ko‘sak emas, pishgan, ochilgan va terib olingan paxta haqiqiy hosildir.
Yuqoridagidan kelib chiqib, paxtadan yuqori hosil olish uchun iyul-avgust oylarida yana biz fermerlar tomonidan agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish zarur bo‘layotganligini hamda ortiqcha yetishtirilgan har bir kilogramm paxta uchun qo‘shimcha daromad olishingizni yurakdan his etib, quyidagi tadbirlarni har qachongidan ham mas’uliyat bilan yondashib amalga oshiraylik!
birinchidan, barcha dehqonlarning o‘rni dalada bo‘lishi, ayniqsa suvchi, mexanizator, entomologlar o‘z ishiga o‘ta jiddiy yondashmog‘i darkor;
ikkinchidan, buning uchun davlatimiz rahbari tomonidan berilayotgan imtiyozlardan foydalangan holda suvchilarga 1 mln 500 ming so‘mdan, mexanizatorlarga 1 mln so‘mdan hamda chikanka (chilpish) qiladigan dala ishchilarga gektariga 200 ming so‘mdan ish haqqi berilishini 10 kun muddatda yakunlang;
uchinchidan, o‘z dalangizda zarur shart-sharoitlar yaratib, jumladan issiq ovqatlarni doimiy ravishda tashkil qiling;
to‘rtinchidan, g‘o‘zani yana bir marta sharbat usulida qondirib sug‘orish, buning uchun suvchilarga barcha shart-sharoit yarating, tungi sug‘orishni yo‘lga qo‘yib, sug‘orish ishlarini yakunlang. Bunda, suvdan to‘g‘ri, oqilona foydalaning, sug‘orishda ko‘llatmasdan sug‘orib, kam suv bilan tez-tez sug‘orishni tashkil qiling, zovurga tashlamaslik choralarini ko‘rib suvni ortiqcha isrof qilinishiga yo‘l qo‘ymang;
beshinchidan, zararkunanda hasharotlar – ko‘sak qurti, o‘rgimchakkana, beda qandalasi, qora shira xurujidan himoya qilishni kuchaytiring, uyg‘unlashgan kurash choralarini keng qo‘llang;
oltinchidan, g‘o‘zaning gullash va ko‘saklash davrida droja, aspirin hamda tarkibida bor kislotasi, temir, kalsiy bo‘lgan mikroo‘g‘itlardan foydalangan holda bargdan ishlov bering yoki tomchilatib sug‘orish shlanglari orqali oziqlantiring;
Bunda, 250–300 g/ga bor kislotasi, 350–400 g/ga droja, 200–250 g/ga.dan aspirin hamda “Sila kremniy” va “Aminosid-Silikon” preparatlaridan foydalaning.
Ushbu preparatlar to‘liq suvda eritilib, eritma holida kunning salqin (kechki 19-00 dan keyin, ertalab 7-00 gacha) vaqtlarida barglarga bir tekis seping. Bor yetishmovchiligi ham, ortiqchasi ham zararli-me’yorni oshirmang;
yettinchidan, biologik stimulyatorlar bilan qo‘shimcha ishlov bering g‘o‘za rivoji kechki bo‘lgan dalalarda ham paxtani erta pishib yetilishiga
va hosili barakali bo‘lishiga erishing;
sakkizinchidan, g‘o‘zaning hosil to‘plashi uchun sharoit yarating, ayniqsa xorijiy navlarni ekkan fermer xo‘jaliklari olimlar va tajribali mutaxassislar tavsiyalari asosida ish yuriting;
to‘qqizinchidan, zararkunandalarni ular ommaviy ko‘payib ketgandan keyin emas, muntazam kuzatuv va profilaktika asosida boshqaring. Bt xususiyati bo‘lmagan navlarda to‘liq integratsiyalashgan himoya tizimi (IPM), Bt navlarda esa IPM bilan birga maydonning 10–15 foizida Bt xususiyati bo‘lmagan himoya (refugiya, amaliyotda «Qochoq» deb ataluvchi) maydoni tashkil eting;
o‘ninchidan, har bir sug‘orishdan keyin tuproq yetilishi bilan 1–2 marta mayin kultivatsiya qiling. Buning uchun, kultivatorlarni “baliq sirti” qilib o‘rang hamda ertalab va kechki soatlarda kesak hosil qilmasdan mayin kultivatsiya qilishni yo‘lga qo‘ying.
Qator orasida kultivatsiya shunday o‘tkazilishi kerakki, bunda, g‘o‘za tuplariga ziyon yetkazmasin, ko‘saklarni to‘kmasin, g‘o‘za poyalarini payxon qilmang;
Sug‘orishdan keyin tuproqlarda yoriqlar (devor) paydo bo‘lgan bo‘lsa, yengil sug‘orib, keyin mayin kultivatsiya qiling;
o‘n birinchidan, iyul-avgustda bajariladigan agrotexnik tadbirlarni yana bir nozik jihati shundaki, bu paytga kelib, g‘o‘za qator oralarida sho‘ra, it uzum, qo‘y pechak, g‘umay, suv o‘ti kabi begona o‘tlar ham ko‘payadi.
G‘o‘zadan baland bo‘lib, hasharotlarni o‘ziga jalb etish bilan birga, turli zararli mikroorganizmlar ko‘payib, pastki yarusdagi ko‘saklarni chirishiga, makrosparioz va boshqa chirish kasalliklari ko‘payishiga olib keladi hamda g‘o‘zaga berilgan o‘g‘itni asosiy qismini o‘zlashtiradi.
Shu sababli har bir dala yana bir marta ko‘zdan kechirilib, begona o‘tlarni suvdan keyin qo‘lda yulib olish va barcha paykallar begona o‘tlardan tozalanishiga jiddiy e’tibor qarating;
o‘n ikkinchidan, rivojdan orqada qolgan maydonlarni aloxida nazoratga oling va qoloqlikdan chiqarish uchun qo‘shimcha agrotexnik tadbir kulang;
o‘n uchinchidan, 1 avgustdan boshlab, g‘o‘zaning holatidan kelib chiqib, Etefon (“qarish” gormoni) qo‘llang, bu g‘o‘zaning fiziologik pishish jarayoni jadallashtiradi hamda o‘simlikning o‘sishi to‘xtatadi, ko‘saklarni to‘liq yetishtirishga erishib, har bir gektardan olinadigan paxta hosildorligini yanada oshiradi.
o‘n to‘rtinchidan, dalangizni har xil (plyonka, baklashka, plastik idishlar, qog‘oz o‘ramlar va boshqa) chiqindilardan tozalang, dala chiqindilari kelajak avlod uchun, insonlar sog‘ligi uchun jiddiy xavfga aylanadi, befarq bo‘lmang!
Toza dala bezak emas – u tuproq unumdorligi, inson salomatligi va fermer obro‘sidir, shuni unutmang! Ekologik toza dala - bu oziq-ovqat xavfsizligining kalitidir.
Paxtachilikda yuqori natijalarga erishishda avvalo, dehqon va fermerlar, paxta klasterlari hamda soha fidoiylari tomonidan tunu-kun qilingan mashaqqatli mehnat, shuningdek, puxta o‘ylangan islohotlar va ilmiy yondashuvlar o‘zining munosib samarasini bermoqda.
Xabaringiz bor, keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarimizda asosiy e’tiborni suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni faol joriy etish, xo‘jalik va korxonalarning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, eng muhimi, dehqon
va fermerlarning og‘irini yengil qilishga qaratilmoqda.
Aynan muhtaram Prezidentimizning 2026 yil 8 maydagi PF-82-sonli Farmoni bilan paxta xomashyosini yetishtirishga ajratilgan imtiyozli kreditlarni bir qismini qoplab berish bo‘yicha bir qator imtiyozlar belgilangan. Jumladan:
paxta xomashyosini yetishtirishga ajratilgan imtiyozli kreditlarni shartnomada belgilangan muddatda qaytargan xo‘jaliklarga ushbu kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovining 2,5 foizlik punkti;
hosil yilining yakuniga (tegishli yilning 31 dekabriga) qadar qaytargan xo‘jaliklarga ushbu kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovlarining 5 foizlik punkti;
qishloq xo‘jaligi sub’ektlariga o‘z mablag‘lari hamda tijorat banklari kreditlari hisobidan yetishtirilgan paxta xomashyosini birjada sotganda rasmiylashtirilgan elektron hisobvaraq-faktura qiymatining bir qismini qoplab berish bo‘yicha imtiyozlar belgilangan. Siz paxtadan yuqori hosildorlikka erishib ushbu imtiyozlardan foydalang!
Aziz fermer va dehqonlar!
Sizning har bir o‘lchovingiz, o‘z vaqtida qabul qilgan qaroringiz, yerga, suvga va o‘simlikka ehtiyotkor munosabatingiz mamlakatimiz paxtachiligining yangi natijasini yaratadi. Bilimni amaliyotga aylantirib, yuqori hosil, sifatli tola, barqaror daromad va ekologik toza dalalarni birgalikda shakllantiramiz.
Mazkur ishlarni shunday ko‘tarinki ruhda tashkil qilaylikki, qilingan mehnatimiz orqali hosilga hosil qo‘shib, yuqori natijalarga erishaylik. Barchangizni ushbu ezgu ishda ishtirok etishga chorlab, iqtisodiyotimizni yuksaltirishga, ona yurtimiz yanada obod bo‘lishi uchun munosib hissangizni qo‘shishga hamda “Dolzarb 20 kun” mobaynida paxta dalalariga yanada ishlov berishda faol qatnashishga da’vat etamiz!
|
|
Paxtachi tuman fermerlari kengashi hamda Qishloq xo‘jaligi bo‘lim |
