“Komplayens va ma’naviy madaniyat oyligi” doirasida uchrashuv o‘tkazildi
2026-07-07 13:05:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar organlarida o‘tkazilayotgan “Komplayens va ma’naviy madaniyat oyligi” keng qamrovli kompleks profilaktik tadbirlari doirasida bugun 7-iyul kuni Paxtachi tumani Ichki ishlar bo‘limida xodimlar hamda ularning oila a’zolari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish davomida qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish, xizmat intizomini mustahkamlash, korrupsiyaning oldini olish, kasbiy etika va ma’naviy madaniyatni yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishayotgan, o‘z burchini vijdonan ado etayotgan xodimlarning ota-onalariga samimiy minnatdorlik bildirilib, ularning farzandlari tarbiyasidagi munosib hissasi e’tirof etildi.
Ta’kidlanganidek, xodimlarning kasbiy yutuqlarida oiladagi sog‘lom muhit, ota-onalarning tarbiyasi va ma’naviy ko‘magi muhim o‘rin tutadi.
Bu kabi uchrashuvlar ichki ishlar organlari xodimlarining mas’uliyatini yanada oshirish, xizmat intizomini mustahkamlash hamda oila va jamiyat hamkorligini kuchaytirishga xizmat qiladi.








