QOVUN PASHSHASI
2026-06-29 13:00:00 / Yangiliklar

O ‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan joriy yilning 8 – iyun kunidan 8 – iyul kuniga qadar hududlarda yetishtirilayotgan mevali bog‘larda uchraydigan “Sharq mevaxo‘ri” (Grapholitha molesta) zararkunandasi, poliz ekinlariga jiddiy zarar yetkazib, ekport hajmini kamayishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan “Qovun pashshasi” (Carpomya pardalina Bigot) zararkunandasiga, hamda madaniy o‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladigan Zarpechak (Cuscuta.sp), Sudraluvchi kakra (Acrooptilon repens D.C) begona o‘tlariga qarshi kurash bo‘yicha “Dolzarb o‘ttiz kunlik” e’lon qilingan. “Dolzarb o‘ttiz kunlik” tadbiri doirasida tuman fitosanitar nazorati davlat inspektorlari tomonidan tadbirkorlik subektlari va tuman aholisiga zararkunanda va begona o‘tlarning xavfli zararlari, qarshi kurash choralari haqida kerakli tavsiyalari berilmoqda.
Oxirgi yillarda yurtimizda yetishtirilayotgan qovunlarga bo‘lgan talab oshib, eksport hajmlari ko‘payib bormoqda. Bir qator zararkunanda va kasalliklar qovun o‘simligiga va uning mevalariga jiddiy zarar yetkazadi. Masalan, qovun pashshasi. Qovun pashshasi o‘ta xavfli zararkunanda bo‘lib, qovun mevalarini jiddiy zararlaydi. Iste’molga yaroqsiz holga keltirib, eksportbopligini yo‘qotadi.
Qovun pashshasiga qarshi samarali kurashish uchun mavsum oxirida poliz ekinlari ekilgan maydonlarni o‘simlik qoldiqlaridan tozalash va qolgan qovun mevalarini chuqur ko‘mib yo‘qotish, chuqur kuzgi shudgor o‘tkazish orqali pashshaning qishlovdagi zahiralarini kamaytirish va kuz-qish davrida dalani sho‘r yuvilishidagi kabi 4-5 kun bostirib sug‘orish talab etiladi. Qovun pashshasi kuzatilgan dalalarga 3-4 yil davomida poliz ekinlarini qayta ekmaslik, ertapishar va kechpishar navlar ekilgan dalalarni bir-biriga yaqin joylashtirmaslik tavsiya qilinadi.
Qovun pashshasiga qarshi biologik kurash ham yaxshi samara berishi mumkin. Bugungi kunda bu zararkunandaning tabiatdagi kushandalari aniqlangan. Oltinko‘zlar oilasiga mansub hasharotlar alohida o‘rin egallaydi. Qovun pashshasiga qarshi ularni qo‘llash yaxshi samara beradi. Poliz ekinlari orasida qovun turli hasharotlar va kasalliklar ta’siriga moyil bo‘lib, ular hosildorlikni keskin kamaytirishi mumkin.
Zararkunandalarga qarshi kurashishda dalani begona o‘tlardan tozalash, o‘simlik qoldiqlarini yo‘qotish, sug‘orish me’yorlariga amal qilish va ekin almashinuvini joriy etish muhim hisoblanadi. Bu usullar zararkunandalarning ko‘payishini tabiiy ravishda cheklaydi.
Zararkunandalar soni iqtisodiy zarar yetkazish darajasiga yetganda mutaxassis tavsiyasi asosida insektitsid va akaritsid preparatlardan foydalanish mumkin. Kimyoviy vositalarni qo‘llashda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish va hosil yig‘im-terim muddatlarini hisobga olish zarur.
Paxtachi tuman O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘limi
