Sizning kulgingiz – dunyoning eng buyuq baxtidir!
2026-06-01 16:50:00 / Yangiliklar

Bugun taqvimimizda o‘zgacha bir sana. 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni.
Ko‘pchiligimiz bu kunni shunchaki quvonchli bayram, sayillar va shirinliklar kuni deb bilamiz. Ammo yuridik tilda va xalqaro huquq doirasida bu kun – insoniyatning eng zaif va eng begubor qatlami oldidagi ulkan majburiyatlarini eslatuvchi yirik siyosiy va huquqiy sanadir.
Bolalikni himoya qilish – shunchaki ma’naviy burch emas. Bu – qonuniy talab! Birlashgan Millatlar Tashkilotining
1989-yildagi “Bolalar huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyasi dunyo hamjamiyatiga bitta oltin qoidani muhrlab bergan: "Har qanday holatda ham bolaning eng oliy manfaatlari birinchi o‘ringa qo‘yilishi shart!" Davlatimiz ham ushbu xalqaro hujjatni ratifikatsiya qilib, har bir murg‘ak qalbning huquqiy himoyasini o‘z zimmasiga olgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham bolalar huquqlari alohida bob bilan mustahkamlab qo‘yilganini alohida ta’kidlashimiz lozim. Davlat bolaning sog‘lom ulg‘ayishi, bepul o‘rta ta’lim olishi, yashash va shaxsiy daxlsizlik huquqlarini toifalarga ajratmagan holda kafolatlaydi.
Afsuski, bugun huquqiy amaliyotda biz nimalarga guvoh bo‘lyapmiz? Oilaviy nizolar, ajrimlar jarayonida eng ko‘p jabr chekuvchi tomon baribir bolalar bo‘lib qolmoqda. Voyaga yetmagan farzandlarining moddiy ta’minotidan, ya’ni aliment majburiyatlaridan qochishga urinayotgan ota-onalar, afsuski, oramizda hamon uchraydi. Shuni unutmangki, aliment — bu bolaning huquqi, qonuniy mulkidir!
Unga daxl qilish nafaqat qonuniy javobgarlikni, balki juda katta ma’naviy jinoyatni keltirib chiqaradi.
Shuningdek, bugungi kunning yana bir og‘riqli nuqtasi — bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik va ularni har qanday ko‘rinishdagi zo‘ravonliklardan himoya qilishdir.
Qonunlarimiz bolaning ruhan va jismonan sog‘lom muhitda o‘sishini talab etadi. Huquqiy savodxonlik va qonun ustuvorligi ta’minlangan jamiyatda bola o‘zini har doim xavfsiz his qiladi. Har bir sud qarorining, har bir qonun normasining ortida inson taqdiri, ayniqsa, bolalar taqdiri turadi.
Biz, kattalar — xoh huquqshunos bo‘laylik, xoh oddiy fuqaro — bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga mas’ulmiz. Ularga faqatgina moddiy sharoit emas, huquqlari to‘liq ta’minlangan xavfsiz kelajakni taqdim etishimiz shart.
Xidirov Fazliddin Xudayberdiyevich
Fuqarolik ishlari bo'yicha Kattaqo'rg'on tumanlararo sudining sudyasi
