Oqtepa qishloq axborot kutubxonasida kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi
2026-04-03 13:20:00 / Yangiliklar

Paxtachi AKM Oqtepa qishloq axborot kutubxonasida tumanimiz shoiri Ibrohim Qulmurodovning “Muhabbat madhi” hamda shoira Gulbahor Jumanazarovaning “Oppoq tong” kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Paxtachi tuman hokimligining din ishlari bo‘yicha mas’uli Akmal Eshaliyev, tuman Ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha mutaxassis A. Eshmurodov, tuman axborot markazi rahbari A. Husanov, “Ko‘rpa” mahallasidan xotin-qizlar faoli M. Gulbekova, Oqtepa mahalla yettiligi, “Saroy” mahallasi “Nuroniy” kitobxonlari hamda 36-, 46-, 11-maktab o‘quvchi kitobxonlari va yosh havaskor shoirlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida tuman diniy ishlar bo‘yicha rahbar so‘zga chiqib, kitobxonlikning ahamiyati, yoshlarni kitobga bo‘lgan qiziqishini oshirish, internet va telefondan to‘g‘ri foydalanish, turli salbiy oqimlardan ehtiyot bo‘lish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, tumanimiz shoirlarining ijodiga ezgu tilaklar bildirdi.
Tadbirda o‘quvchi yoshlar shoir va shoira asarlaridan she’rlar o‘qib, qo‘shiq va raqslar ijro etishdi. Shuningdek, yosh ijodkorlar ham o‘z ijod namunalarini taqdim etib, shoir Ibrohim Qulmurodovdan she’rxonlik bo‘yicha tavsiyalar olishdi.
Tadbir yakunida tuman ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha mutaxassis A. Eshmurodov tomonidan shoirlar “Tashakkurnoma” bilan taqdirlandi. Oqtepa mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan yosh kitobxonlarga “Faxriy yorliq”lar topshirildi hamda qatnashchilarga bahoriy guldastalar taqdim etildi.
Mazkur tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, kitobxonlik madaniyatini yanada oshirishga xizmat qildi.








