Sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish kompleks davom etmoqda
2026-03-25 09:00:00 / Yangiliklar

Sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish faqat jazo choralari bilan cheklanib qolmayapti. Bugun bu jarayon profilaktika, ochiqlik, raqamlashtirish va institutsional nazorat mexanizmlari orqali kompleks tarzda yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa, o‘z navbatida, odil sudlovga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Oliy sud Rayosatining qarori bilan pora taklif etilgani haqida xabar berish va uni ko‘rib chiqish tartibi ham joriy etildi. 2024-yil 27 dekabrda qabul qilingan sudlarda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi tegishli buyruq esa sohada yangi bosqichni boshlab berdi. Ushbu hujjat bilan korrupsiyaga qarshi siyosat, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish, xavf-xatarlarni baholash, davlat xaridlari shaffofligini ta’minlash va murojaatlarni qabul qilish tartibini qamrab olgan qator muhim ichki hujjatlar tasdiqlandi.
Biz korrupsiya balosidan qutulish, islohotlarni uning changalidan ozod etish haqida hammamiz o‘ylashimiz, buning zaruratini har birimiz yuragimizdan o‘tkazishimiz, unga qarshi qat’iy kurashishimiz kerak. Bu kurash kundalik hayotimizdagi oddiy holatlardan boshlanadi.
Korrupsiya, birinchidan, jamiyatda adolatsizlik, tengsizlik va aholining noroziligiga olib keladi, bu esa barcha sohadagi islohotlarning natijasiga salbiy ta’sir etmay qolmaydi; ikkinchidan, fuqarolarimizda huquqiy ong hamda huquqiy madaniyatning yetarli darajada emasligi, o‘z haq-huquqini himoya qila olmasligi jamiyatda adolat mezonining buzilishini ko‘paytiradi; uchinchidan, siyosiy institutlar, jamoat tashkilotlari shaklan demokratik mezon, g‘arb andozasiga o‘xshasa-da, mazmun-mohiyatiga ko‘ra, zamon talabidan orqada qolmoqda, bu kamchilik esa oldinga siljishimizga xalaqit beradi.
Korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga qarshi kurashish, eng avvalo, fuqarolar o‘zligidan boshlashi lozim bo’ladi. Buning uchun esa shaxs huquqiy ongi va huquqiy madaniyati yetarli darajada shakllangan bo’lishi kerak.
A.Xolboyev.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi tuman sudining raisi
