Paxtachi tumandagi ko‘p qavatli uy-joylarga kommunal xizmat ko‘rsatishning bugungi kundagi holati, sohadagi muammo va kamchiliklar to‘g‘risida
2026-03-10 14:00:00 / Matbuot anjumanlari

Mavzu: Paxtachi tumandagi ko‘p qavatli uy-joylarga kommunal xizmat ko‘rsatishning bugungi kundagi holati, sohadagi muammo va kamchiliklar to‘g‘risida
Paxtachi tumanida 53 ta ko‘p kvartirali uy-joylar mavjud bo‘lib, shundan 26 ta ko‘p kvartirali uy-joylar 1971-1980 yillarda kurilgan va qolgan 27 ta ko‘p kvartirali uy-joylar 2018-2025 yillarda qurilib, foydalanishga topshirilgan. 53 ta ko‘p kvartirali uy-joylarda jami 1444 ta xonadon mavjud.
Tumandagi ko‘p kvartirali uy-joylarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 2 ta boshqaruv servis kompaniyalari faoliyat yuritmoqda.
Jumladan: “ZIYOVUDDIN SUV-SOZ” MCHJ boshqaruv servis kompaniyasi 32 ta ko‘p kvartirali uy-joylarga (516 ta xonadon) hamda “ZIYOVUDDIN SANTEXKOM XIZMAT” MCHJ boshqaruv servis kompaniyasi 21 ta ko‘p kvartirali uy-joylarga (928 ta xonadon) xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yangi bosqichga olib chiqish, aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish, boshqarish organlari barqarorligini ta’minlash va to‘lov intizomini yaxshilash, sohada davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 05.02.2026 yildagi “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar” to‘g‘risidagi PQ-48-son qarorini asosi sifatida ko‘rsatilib o‘tilgan.
Quyidagilar ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirishning maqsadli ko‘rsatkichlari etib belgilangan:
(a) markazlashgan issiqlik tarmoqlariga ulangan 1 032 ta ko‘p kvartirali uyning energiya samaradorligini oshirish;
(b) majburiy badal va to‘lovlar (keyingi o‘rinda — majburiy to‘lovlar) hamda umumiy mol-mulkni ijaraga berishdan tushgan mablag‘lar hisob-kitobini to‘liq shaffof tizimga o‘tkazish orqali debitor qarzdorlikni kamida 80 foizga kamaytirish;
(v) ko‘p kvartirali uylarni boshqarish sohasida yashirin iqtisodiyotni kamaytirish, byudjet mablag‘larini ajratish va xalqaro moliya institutlarining mablag‘larini jalb qilish orqali og‘ir holatdagi 10 mingta uylarni bosqichma-bosqich yaxshilash;
(g) ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini to‘liq raqamlashtirish.
Qarorga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylarni ta’mirlash, rekonstruksiya qilish va tutash hududlarni obodonlashtirish, ko‘p kvartirali uylar atrofida ekologiyani yaxshilash maqsadida yashil hududlarni tashkil etish va yo‘nalishida markazlashgan manbalar hisobidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini saralash va amalga oshirishda quyidagi tartib o‘rnatiladi:
loyiha takliflari Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlarida muhokama qilinishi va faqatgina ularning qarori bilan ma’qullangandan keyin amalga oshirilishi shart;
shakllantirilgan loyiha takliflari bo‘yicha loyihaoldi tadqiqotlari mahalliy davlat hokimiyati organlari, ko‘p kvartirali uylarning boshqaruvchilari, loyiha tashkilotlari bilan birgalikda har bir hududning xususiyatlarini inobatga olgan holda o‘tkaziladi;
Shuningdek, ko‘p kvartirali uylarning tutash hududidagi barcha daraxt va butalar boshqaruvchilar tomonidan xatlovdan o‘tkazilib, ma’lumotlar «Mening uyim» axborot billing tizimida aks ettirib boriladi.
Ko‘p kvartirali uylardagi markazlashgan ichimlik suvi iste’molchilariga daraxt va butalarni sug‘orish ishlarini hisoblagichlar o‘rnatgan holda sutkaning har qanday vaqtida amalga oshirishga ruxsat beriladi.
2026 yil 1 iyuldan boshlab:
Toshkent shahrida ko‘p kvartirali uylarda umumiy yig‘ilish o‘tkazishni tashabbus qilish, o‘tkazish va qaror qabul qilish, shartnomalarni tuzish, boshqaruvchilar tomonidan murojaatlarni qabul qilish va ularni ko‘rib chiqish faqat «Mening uyim» ABTda amalga oshiriladi, 2027 yildan boshlab mazkur tartib respublikaning barcha hududlariga tatbiq etiladi;
majburiy to‘lovlar va ko‘p kvartirali uylarda umumiy mol-mulkni ijaraga va foydalanishga berishdan tushadigan to‘lovlar hisobi faqat «Mening uyim» ABT orqali yuritiladi.
Paxtachi tumanida joylashgan ko‘p kvartirali uylarda yashovchi fuqarolarning turmush sharoitini yaxshilash, kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish hamda xavfsiz va qulay yashash muhitini yaratish maqsadida quyidagi loyihaviy takliflar manzilli dasturi tayyorlandi. Mazkur takliflar PQ-48 sonli qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan.
Taklif etilayotgan chora-tadbirlar:
1. Mazkur qarorning 2-ilovasi “2026-2027 yillarda shahar va tumanlarda respublika budjetidan 1 trln so‘m mablag‘ ajratish hisobidan ko‘p kvartirali uylarni tutash hududida zamonaviy bolalar maydonchasi (xavfsiz qoplama, yoritish va dam olish o‘rinlari bilan) o‘rnatish ishlarini amalga oshirish belgilan bo‘lib, ushbu qarorning 2-ilovasiga asosan tumanning Amir Temur mahallasi Hamid Olimjon ko‘chasi 22-sonli uyning tutash hududidan bolalar maydonchasini qurish.
2. Qarorning 5-ilovasiga muvofiq 1971 yilda qurilgan, kommunikatsiya tarmoqlari mavjud bo‘lmagan 4 ta ikki qavatli ko‘p kvartirali uylarni markaziy oqova suv tarmog‘iga ulash va uzliksiz toza ichimlik suvi bilan ta’minlash.
3. Ko‘p kvartirali uylar atrofida ekologiyani yaxshilash va yashil hududlarni tashkil etish uchun qarorni 7-bandi asosida ko‘p kvartirali uylarning tutash hududida «Yashil bog‘lar» tashkil qilish.
Ushbu chora-tadbirlar amalga oshirilishi natijasida aholining kommunal sharoiti sezilarli darajada yaxshilanadi, ko‘p kvartirali uylar atrofida Yashil bog‘lar tashkil bo‘ladi, sanitariya holati yaxshilanadi, uy-joy fondining texnik holati barqarorlashadi.
Mazkur loyihalarni mahalliy budjet mablag‘lari, davlat dasturlari, homiylik va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
