Ayollar va bolalarning tazyiq va zo‘ravonlikdan himoyasi yanada kuchaytirildi
2026-03-14 15:30:00 / Yangiliklar

So‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar mamlakat taraqqiyotining barcha yo‘nalishlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, xalqimizning turmush sifati va farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, inson manfaatlari ustuvorligi, fuqarolarning kafolatlangan huquqlarini ta’minlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar jamiyatning har bir qatlami hayotida sezilarli o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi.
Bugungi kunda xotin-qizlar hamda voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan turli xil zo‘ravonlik holatlariga qat’iy jazo choralarini belgilash bilan bir qatorda bunday salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan islohatlar amalga oshirilmoqda. Har qanday ko‘rinishdagi zo‘ravonlikni inkor etadigan, unga toqat qila olmaydigan muhit yaratish bugungi kunning dolzalb masalasi xisoblanadi
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 3 martdagi “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-33-sonli Farmonining qabul qilinishi jamiyatimizning mehvari hisoblangan xotin-qizlar hamda bolalar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga chek qo‘yish borasida yanada mustahkam huquqiy poydevor yaratilishiga xizmat qiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoev 3 mart kuni ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini yanada kuchaytirish borasidagi Farmonida, mamlakatimizda erta nikoh, erta yoshdagi tug‘uruq hamda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olish masalalariga oila institutini mustahkamlash jamiyatda sog‘lom ijtimoiy muhitni shakllantirishning muhim yo‘nalishi sifatida doimiy e’tibor qaratilib, unda shahvoniy shilqimlik uchun belgilangan 5 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosini qat’iylashtirish; pedofillar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazoni belgilash; Jinoyat kodeksining 118- va 119-moddalaridagi jinsiy jinoyatlarni voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan sodir etgan mahkumlarni manzil-koloniyalarga o‘tkazmaslik; Jinoyat kodeksining 6 ta moddasidagi jinsiy jinoyatlar bo‘yicha ishlarni tergov qilish vakolatini ichki ishlar organlaridan prokuraturaga o‘tkazish; shahvoniy shilqimlik bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlikka oid materiallarda jinoyat alomatlari mavjud emasligi bo‘yicha prokuror qarorini olish shartligi; ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik jinoyatlari bilan maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan advokatlar, tergovchi va sudyalar shug‘ullanishi; zo‘ravonlikdan jabrlangan va himoya orderi berilgan xotin-qizlar himoyasini kuchaytirish maqsadida ularning telefon qurilmalariga maxsus “SOS” ilovalarini o‘rnatish, bunda chaqiruv tugmasi bosilganda 5 kilometr radiusdagi ichki ishlar xodimlari 10 daqiqada manzilga yetib kelishi va boshqalar belgilash.
Shuningdek, yurtimizda nikohlarning 40 foizi 18-19 yoshdagilar o‘rtasida tuzilishi, biroq xalqaro tashkilotlarning eng maqbul nikoh yoshi 21 yosh ekani, bu yoshga yetgan shaxslar odatda moliyaviy mustaqillikka erishib, oila qurishga har tomonlama tayyor bo‘lishi haqidagi tavsiyalari asosida nikohni 21 yoshga yetgan shaxslar o‘rtasida tuzilishini rag‘batlantirish maqsadida qo‘shimcha moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish; davlat bojidan imtiyozlar berish yo‘li bilan nikohlanuvchilar o‘rtasida nikoh shartnomasi tuzilishini rag‘batlantirish; nikoh yoshiga oid qonunchilikni buzganlik uchun jarimaning 15 foizini bunday holat haqida xabar bergan shaxslarga berish tartibini joriy etish orqali erta nikohlarni aniqlash samaradorligini oshirish; erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik holatlari haqida ichki ishlar organlari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga xabar berish bo‘yicha idoralararo zanjirni yo‘lga qo‘yish, bunda qayd etilgan holatlar haqida xabar bermaslik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilash; homilador yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan band talaba qizlar uchun ta’limni davom ettirish imkonini berish orqali ularni ta’limdan tushib qolishining oldini olish va boshqalar taklif etilgan.
Yuqoridagi Farmon asosida davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan tashabbuslar kelgusida, ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini yanada kuchaytirishga hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olishni yangi bosqichga olib chiqadi deb hisoblayman.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi
tuman sudining raisi A.Xolboev
