“Profilaktik - ogohlantiruvchi murojaat”
2026-02-26 09:00:00 / Matbuot anjumanlari

Assalomu alaykum, Aziz Paxtachiliklar !
Muhtaram Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha, shuningdek, Ichki ishlar organlari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan bir qator muhim Qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida tumanimizdagi kriminogen vaziyat bo‘yicha “profilaktik-ogohlantiruvchi murojaat” yo‘llamoqdaman.
Ushbu “profilaktik-ogohlantiruvchi murojaat”ni yo‘llashdan asosiy maqsadimiz, tumanimiz aholisini kriminogen vaziyatdan ogoh qilgan holda, Siz azizlarni jinoyatlardan jabrlanib qolish ehtimolingizni minimal darajaga tushurishdan iborat.
Shu fursatdan foydalanib, tumanimiz hududidagi kriminogen vaziyat bo‘yicha qisqacha to‘xtalib o‘taman.
Joriy yilning 1 oyi yakunida olib borilgan chora-tadbirlar natijasida tuman hududida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlardan Qotillik, og‘ir tan jaroxati yetkazish, Nomusga tegish, Oilaviy zo‘ravonlik, Talonchilik, Bosqinchilik, Firibgarlik, Bezorilik, va avtomashinalarni olib qochish jinoyatlari sodir etilishiga yo‘l quyilmadi.
Bevosita xodimlarimiz tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar salimog‘i 100 foizga yaxshilandi.
Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan tadbirlar natijasida,
-51 ta mahallalarning 42 tasida jinoyatlar umuman jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Shuningdek, mahallalarning birortasi xam “qizil” toifaga kirmadi.
Hozirda ushbu mahallalarda kriminogen vaziyatni jilovlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
1 oy davomida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda 12 marotaba tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilib, jami 3 ta jinoyatlar fosh etildi.
Qidiruvda yurgan 3 nafar shaxs ushlanib o‘tgan yilga nisbatan yaxshilandi.
Mahallalarda qarovsiz va nazoratsiz qolgan 2 nafar voyaga yetmaganlar aniqlanib, ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirildi.
Farzandiga ta’lim va tarbiya berish borasidagi majburiyatini bajarmaganligi sababli jami 32 nafar
ota-onalarga ma’muriy ta’sir choralari qo‘llanildi.
17 nafar profilaktik hisobda turgan ruhiy kasal, giyohvand va spirtli ichimlikka ruju qo‘yganlar majburiy davolanishga yotqizildi.
Bundan tashqari, kiber jinoyatlarni oldini olish maqsadida, tegishli soha vakillari bilan joylarda 67 dan ortiq targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda ayrim muammoli masalalar va ularni bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlar tashkil qilinmoqda.
Kundan kunga axborot texnologiyalari rivojlanib, internet tarmog‘ining imkoniyatlari oshib borayotganligi sababli ham, yangidan yangi jinoyat, kiber jinoyat turlari paydo bo‘lmoqda.
Kiber jinoyatlarni oldini olish bo‘yicha ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, lekin afsuski aholimizga bu yo‘nalishdagi targ‘ibot ishlari orqali zarur tushunchalarni haligacha yetkazib berolmayapmiz.
Joriy yilda jami 4 ta kiber jinoyatlar qayd etilib, ularning asosiy qismini kiber o‘g‘rilik (2 ta) va kiber firibgarlik (2 ta) tashkil qiladi.
Ushbu xavfdan qutulishning eng samarali yo‘li esa fuqarolarimizdan kiber jinoyatlarga qarshi “kiber madaniyat”ni shakllantirish, o‘z-o‘zimizni ushbu jinoyatlardan himoya qilishni o‘rganishimiz talab etiladi.
Xalqona tilda aytganda, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan turli xildagi e’lonlar va xabarlarga ishonmasligimiz lozim.
Agarda sizga notanish raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘lib, shaxsiy ma’lumotlaringiz so‘ralsa yoki bank kartangizga hujum bo‘layotganligi aytilsa, bankning ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilib holatga oydinlik kiritishingiz shart.
Aziz Paxtachiliklar!
Yana bir jiddiy masalaga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Bugungi kunda, giyohvand va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatlar ham kundan-kunga avj olib bormoqda. Ayniqsa yoshlarimiz o‘rtasida ushbu jinoyatlar keng tarqalmoqda.
Olib borilgan tezkor-tadbirlar natijasida shu yilning o‘zida 1 ta jinoiy holat aniqlanib, giyohvandlik moddalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi.
Giyohvandlik balosiga qarshi barchamiz birgalikda kurashishimiz shart!
Aziz Paxtachiliklar, farzandlaringizga yanada e’tiborli bo‘ling! Ularni xulq-atvori, yurish-turishi, xatti-harakatlarida o‘zgarish sezsangiz zudlik bilan buni oldini olish choralarini ko‘rish lozim, bee’tibor bo‘lmang, tegishli idoralarga o‘z vaqtida murojaat qiling !
Hurmatli Paxtachiliklar,
Umuman olganda, bugungi kunda Davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan barcha chora-tadbirlar – xalqimizning tinch-totuv va xavfsiz hayot kechirishiga qaratilgan.
Shunday ekan, hamkor tashkilotlar hamda keng jamoatchilik vakillari bilan birgalikda jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab olib, tumanimiz hududida,
-jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish,
-jinoyatchilikka qarshi kurashish,
-mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish borasidagi chora-tadbirlarni yanada jadallashtirishimiz lozim.
Bu ishlarni amalga oshirishda albatta keng jamoatchilik vakillari va Siz aziz fuqarolarimizga tayanamiz.
Murojaatim yakunida, Siz azizlarni yana bir bor ogohlikka chaqiraman.
O‘z uyimiz, o‘z mahallamizni o‘zimiz asraylik!
Aziz yurtdoshlar.
E’tiboringiz uchun rahmat!
